Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qish tavsiya qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarni jazoni o‘tash davrida to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarda to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar ro‘yxati har yili 1-yanvarga qadar tasdiqlanib, bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga taqdim etiladi.
Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning jazoni o‘tash davrida to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha imtihon maxsus dasturiy ta’minot orqali inson omilini istisno etgan holda, test sinovlari shaklida o‘tkaziladi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi har yili Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan birgalikda adabiyotlar ro‘yxati asosida test topshiriqlarini shakllantiradi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan maxsus dasturiy ta’minotga joylashtiriladi.
Qaror bilan Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning jazoni o‘tash davrida to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Endi ikki oy muddatda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining “E-mahkum” axborot tizimi doirasida mahkumlarni test sinovlaridan o‘tkazish bo‘yicha alohida modul yaratiladi.
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tasarrufidagi jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning jazoni o‘tash davrida to‘g‘ri ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlarni o‘qiganligi faktini tasdiqlash bo‘yicha komissiya faoliyatini belgilaydi.
Komissiya o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga va ushbu Nizomga amal qiladi.
O‘zA