Javobgardan pul undiriladigan bo‘ldi
«Example rise» mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Mirzaobod tuman maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi o‘rtasida shartnoma tuzilgan bo‘lib, ushbu shartnoma asosida bajarilgan ishlar uchun haq o‘z vaqtida to‘lab berilmagan. Buning natijasida taraflar o‘rtasida qarzdorlik vujudga kelgan.
Mazkur qarzdorlikni undirish maqsadida MCHJ rahbarining Mirzaobod tuman adliya bo‘limiga yo‘llagan yozma murojaati o‘rganildi.
Ta’kidlash lozimki, shartnomalarga asosan da’vogar tomonidan javobgarga 140 mln 197 ming 451 so‘mlik mahsulot yetkazib berilgan hamda tegishli xizmatlar ko‘rsatilgan. Biroq javobgar tomonidan shartnomaviy majburiyatlar to‘liq bajarilmagan, natijada yetkazib berilgan tovarlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilmagan. Buning natijasida qarzdorlik yuzaga kelgan.
Shuningdek, o‘rganish davomida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazishni autsorsing usulida tashkil etish bo‘yicha shartnomalar yuzasidan tender o‘tkazilmaganligi aniqlandi.
Bu holatdan ko‘rinadiki, shartnomalar O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda tuzilgan. Ya’ni shartnomalarni rasmiylashtirishda davlat xaridlari bo‘yicha qonun hujjatlariga amal qilinmagan. Shartnomalarni elektron do‘kon orqali, auksion yoki tenderda eng yaxshi takliflar asosida amalga oshirish talablari inobatga olinmagan.
Qonunga muvofiq, FKning 116-moddasiga ko‘ra, shartnomalar o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim hisoblanadi. Bitim haqiqiy bo‘lmagan holda taraflar o‘rtasidagi barcha olingan narsalar qaytarilishi, agar bu mumkin bo‘lmasa, qiymati pulda to‘lanishi kerak.
Shuningdek, Mirzaobod tuman adliya bo‘limi tomonidan Guliston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi. Natijada sudning hal qiluv qarori bilan javobgar tashkilotdan 140 197 451 so‘m pul mablag‘i undirilishi belgilandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri