Jasorat va matonat sohiblariga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi.
Davlatimiz rahbari Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitalida Akmal ota Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy ota Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan dildan suhbatlashdi. Nuroniylarning hol-ahvoli va salomatligi bilan qiziqdi. Ularning mashaqqatli hayot yo‘li hamda ko‘rsatgan jasoratlarini alohida e’tirof etdi.

– Sizlar tarixning jonli guvohi, matonat timsolisizlar. Sizdek tabarruk insonlar bilan uchrashish, o‘gitlaringizni tinglash bizga katta ma’naviy kuch bag‘ishlaydi. Xalqimiz sizlar bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bugungi tinch va ozod kunlar, avlodlarning baxtiyor istiqboli sizlarning mislsiz fidokorligingiz mahsulidir. Sizlarning ibratli hayot yo‘lingiz yoshlarimiz uchun haqiqiy matonat maktabidir, – dedi Prezident.

Prezidentning joriy yil 16-apreldagi qaroriga muvofiq, urush va mehnat faxriylariga yuksak darajada ehtirom ko‘rsatilmoqda.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari davlatimizning doimiy g‘amxo‘rligida. Ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish barobarida salomatliklarini tiklash uchun respublikamizning eng yaxshi sanatoriylariga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilgan.

– Yaratgan sizlarga vatanparvarlik va fidokorona mehnatingiz mukofoti sifatida uzoq umr, el-yurt ardog‘ida yashash baxtini ato etgan. Sizlarning duolaringiz yurtimiz uchun omonlik, ishlarimizga barakadir, – dedi Prezidentimiz.

Uchrashuvda nuroniylar yurtimizda tarixiy xotirani tiklash, keksalarni e’zozlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
