“Jasorat uchqunlari” – haqiqiy sinov maydoni
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasining hududiy bosqichi o‘tkazildi. Unda tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jami 17 jamoa ishtirok etdi.
Musobaqada “Jasorat maktablari”ning 5–9-sinf o‘quvchilaridan iborat jamoalar o‘zaro bellashdi. Har bir jamoa 8 nafar ishtirokchidan tashkil topgan bo‘lib, ular saf tayyorgarligi, tibbiy bilim va ko‘nikmalar, robototexnika, huquqiy savodxonlik hamda milliy sport o‘yinlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
[gallery-28801]
Bellashuvlar Nukus garnizoni hududida joylashgan harbiy qismda tashkil etildi. Bu esa ishtirokchilarga haqiqiy harbiy muhitni his etish, jamoaviylik ruhini mustahkamlash hamda mas’uliyat tuyg‘usini yanada chuqur anglash imkonini berdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni Qonliko‘l tumanidagi 2-umumta’lim maktabi negizida tashkil etilgan “Jasorat” maktabining “Lochin” jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rin Taxiatosh tumanidagi 4-umumta’lim maktabi negizida tashkil etilgan “Jasorat” maktabining “Jayxun” jamoasiga uchinchi o‘rin esa Chimboy tumanidagi 36-umumta’lim maktabi qoshidagi “Jasorat” maktabining “Qalqon” jamoasiga nasib etdi.
G‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan medal, kubok va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA