“Jasorat maktabi”ning uchinchi mavsumi yakunlandi
Jizzax garnizoniga qarashli harbiy qismda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan “Jasorat maktabi” loyihasining uchinchi mavsumi yakunlandi.
Loyiha davomida ishtirokchilar uchun harbiy tayyorgarlik, jismoniy chiniqish, saf mashqlari, birlamchi harbiy bilimlar hamda zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Shu bilan birga, yoshlarda jamoada ishlash, yetakchilik salohiyatini rivojlantirish, turli vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
O‘n kun davom etgan yig‘inda ishsiz yoshlar, “Yoshlar daftari” hamda probatsiya hisobida turgan jami 100 nafar ishtirokchi qamrab olindi. Ular mashg‘ulotlar jarayonida nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy tajriba ham orttirib, intizom, mas’uliyat va fidoyilik kabi muhim fazilatlarni mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, “Jasorat maktabi” loyihasining asosiy maqsadi yoshlarda Vatanga sadoqat, yuksak mas’uliyat, intizom va fidoyilik tuyg‘ularini qaror toptirish, shuningdek, ularning hayotiy ko‘nikmalarini boyitishdan iborat.
Loyihaning yopilish marosimida harbiy qism qo‘mondonligi, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi vakillari hamda ishtirokchilarning ota-onalari qatnashdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga o‘zlari tanlagan yo‘nalishlar bo‘yicha sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, “Harbiy estafeta”, “Milliy kurash”, “Voleybol” va “Zakovat” musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlar kubok, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri