Janubiy sarhadlarda “Ma’naviyat marafoni” o‘tkazildi
Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining ishchi guruhi a’zolari ishtirokida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» g‘oyasi asosidagi “Ma’naviyat marafoni” loyihasi doirasida qator tadbirlar o‘tkazildi.
Unda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov, Falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, Siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo‘rayev, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandasi Faxriddin Nazarov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yozuvchilar, taniqli san’atkorlar, ijodkor harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.


Dastlab mehmonlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, sportchi harbiylar tomonidan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari uchun amalga oshirilayotgan tadbir va to‘garaklar bilan yaqindan tanishishdi.
Uchrashuvda mehmonlar tinch va osuda hayotimizni ta’minlayotgan harbiy xizmatchilarning yashash sharoitlarini ko‘rib, xalqimizning shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga va inson qadrini ulug‘lashga qo‘shayotgan hissalarini e’tirof etishdi.


Harbiy qismning Madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda taniqli san’atkorlar va harbiy baxshilar o‘zlarining kuy-qo‘shiqlarini hamda terma dostonlarini ijro etib, barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Ma’naviy tadbir so‘ngida o‘zbek xalqining milliy taomi bo‘lmish osh pishirish musobaqasi hamda “Bahodirlar” sport musobaqalari o‘tkazildi. Osh pishirish musobaqasida harbiy xizmatchilar viloyatlar kesimida osh tayyorlagan bo‘lsa, pahlavon harbiylar bir-biridan qiyin mashqlarni bajarib berishdi.


Ularning harakatlarini kuzatib borgan hakamlar shu yerning o‘zida ishtirokchilarni baholab, g‘oliblarni rag‘batlantirishdi.
Bu kabi tadbirlarda ayniqsa taniqli shaxslarning ishtirok etishi olis garnizonlardagi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari qalbida unutilmas voqea sifatida muhrlandi.



Akbar AHMEDOV, III darajali serjant,
Termiz garnizoni