Janubda sharafli kasb egalariga ehtirom ko‘rsatildi
18 aprel – Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni
Bugun Surxondaryo viloyatida ham uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kasb bayramlarini keng nishonlamoqda.
Shu munosabat bilan Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda Surxondaryo viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Panji Tangriyev soha xodimlarini kasb bayramlari bilan tabriklab, keyingi yillarda tizimga qaratilayotgan e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritdi. Sohada yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, viloyatning kommunal tarmoqlari barqarorligini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar aholining obod, ko‘rkam massiv va mahallalarda tinch, to‘kin yashashiga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Viloyatning uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimidagi korxona va tashkilotlarda besh yuzdan ortiq muhandis-texnik xodim, mohir usta chilangar, mexanik, operator, ishchi va boshqa malakali mutaxassislar mehnat qilmoqda.
Tadbirda sohada ko‘p yillardan buyon samarali faoliyat yuritib, boshqalarga namuna bo‘layotgan bir guruh xodimlar “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

– Kasb bayramimizda ko‘p yillik halol mehnatim alohida e’tirof etilib, ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganimdan behad quvondim, – deydi Jarqo‘rg‘on tumani obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi Abduali Bamiyev. – Kasbimiz aholi turmush tarziga, kayfiyatiga bevosita ta’sir qiluvchi nihoyatda mas’uliyatli ish. Ana shunday sharafli kasbda mehnat qilib, tumanimiz obodligi va ozodaligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman.

Viloyatda bayram tadbirlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri