Jannatmonand yurtning maftunkor manzaralari
O‘zbekiston betakror tabiati va xushmanzara maskanlari, boy madaniy merosi hamda o‘ziga xos urf-odat va an’analari bilan xorijlik sayyohlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda.
O‘zbekiston betakror tabiati va xushmanzara maskanlari, boy madaniy merosi hamda o‘ziga xos urf-odat va an’analari bilan xorijlik sayyohlarni o‘ziga maftun etib kelmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda turizmni izchil rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Toshkent viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-sentabrdagi “2013-2015-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori viloyatdagi tarixiy-madaniy meros obyektlarini tadqiq etish, restavratsiya qilish, konservatsiyalash va ularning holatini yaxshilash borasidagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur qaror ijrosi doirasida viloyatning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish va undan foydalanish samaradorligini oshirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlari ochish, dam olish va sayohat qilish bilan bog‘liq sharoitlarni bundan-da yaxshilash, sayyohlarni mintaqaning tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirish, transport-kommunal infratuzilma obyektlari kompleksi bilan Chimyon-Chorvoq rekreatsion zonasida yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Toshkent viloyati hokimligining axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanidagi Hojikent va Yusufxona qishloqlarida zamonaviy mehmonxonalar qurilib, foydalanishga topshirilgan. “Oqtosh” sanatoriysi ta’mirlangan. Chimyon-Chorvoq rekreatsion zonasida yangi loyihalar amalga oshirilgan. Bu yerga keluvchi mehmonlarning dam olishi, sayohat qilishi uchun yaratilgan sharoitlar yaxshilanib, xizmat ko‘rsatish turi ko‘paygan.
Vohada agroturizmni rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar bajarildi. Bo‘stonliq va Chinoz tumanlarida baliq mahsulotlari ko‘rgazmasi, “Chimyon-ekstrim” qishki sport o‘yini, “Chimyon sadosi” ekologik sayohat festivalini an’anaviy tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Parkent tumanida uzum sayli tashkil etish an’ana tusini oldi.
Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Moliya, Adliya vazirliklari, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, Tabiatni muhofaza qilish, “Davarxitektqurilish” hamda “Ergeodezkadastr” davlat qo‘mitalari, tijorat banklari va boshqa tashkilotlar hamkorligida 3 million dollar mablag‘ evaziga 15 obyektni yangi ko‘rinishga keltirish uchun muayyan ishlar olib borilayotir.
Mehmonxona va boshqa turizm infratuzilmasini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborilgan. Chunonchi, “Yangiobod” turizm bazasi faoliyati yaxshilanadi. Parkent tumanidagi “Sumcha” dam olish zonasi infratuzilmasini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan, uning ishlab turgan 220 o‘rinli mehmonxona majmuasi qayta jihozlanmoqda. Qo‘shimcha ravishda 50 o‘rinli kottej qurilayotir.
Hojikent temir yo‘l vokzalidan rekreatsion hududgacha yo‘lovchilarni tashish xizmati kengaytirilib, yangi yo‘nalishlar ochish ustida ish olib borilmoqda.
Viloyatning milliy madaniyati, an’analari, tabiati va o‘ziga xos taomlari “Welcome Uzbekistan” veb-portalida aks ettirilayotir. Bo‘stonliq tumanidagi turizm kasb-hunar kollejining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanmokda. Viloyat sayyohlik firmalari Londondagi “World Travel Market”, Berlindagi “ITB”, Tokiodagi “JATA”, Pekindagi “China Outbound and Tourism Market”, Seuldagi “KOTFA” va boshqa nufuzli ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelmoqda.
Oqqo‘rg‘on tumanidagi Shoxruhiya, Xonqa arxeologik yodgorliklari, Ohangarondagi Saur tepa, Shodmalik ota, Sardoba qaynar majmualari, Piskent tumanidagi Parpi ota, Qirqqiz, Sormozor qadamjolari atrofi obodonlashtirilmokda.
Viloyatning ziyoratgoh va qadamjolariga kelib ketayotgan sayyohlar yildan-yilga ko‘paymoqda. Bu nainki Toshkent viloyatining, ayni chog‘da butun mamlakatimiz dovrug‘ini yoyishga xizmat qilmoqda.