Jamoatchilik kengashi faoliyati sarhisob qilindi
Andijonda viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan joriy yilning 11 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Jonibek Davronov, ichki ishlar boshqarmasi mutasaddilari, jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etgan yig‘ilishda jamoatchilik kengashi tomonidan olib borilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.
– Kengash tomonidan samarali jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muayyan ishlar olib borildi, – deydi Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Davronov. – Lekin bu borada hali qilinadigan ishlar ko‘p. Xususan, ichki ishlar tizimi nufuzini ko‘tarish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, mavjud kamchiliklar, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflarni shakllantirishga qaratilgan ishlar samaradorligini yanada oshirish muhimdir.
[gallery-20784]
Tadbirda tizimning ochiqligini ta’minlash, ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilayotgan sohaga oid salbiy holatlarga tezkor munosabat bildirish bilan bog‘liq qator masalalar tahlillar asosida muhokama qilindi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarining xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash, huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning oldini olish, bartaraf etish borasidagi mashaqqatli xizmatlarini yurtdoshlarimizga ta’sirchan usullar orqali yetkazish borasida takliflar bildirildi. Shuningdek, tizim obro‘sini ko‘taradigan ijtimoiy roliklarni son va sifat jihatdan ko‘paytirish, umuman, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, kengash a’zolarining faolligini oshirish, o‘zaro hamkorligini mustahkamlash yuzasidan fikr va mulohazalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda jamoatchilik kengashi faoliyatining barcha yo‘nalishlarida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari