Jamoatchilik ekologik ekspertizada ishtirok etishi mumkin
Bugungi kunda ko‘plab sanoat korxonalari va qurilishlar atrof-muhitga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Ekologik ekspertiza faoliyati atrof-muhit muhofazasida eng muhim tadbir hisoblanadi. Bunda faoliyat samaradorligi ob’ektlarga berilayotgan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining sifati, shaffofligi va natijadorligi bilan chambarchas bog‘liq.
Shu yil 24 fevral kuni yangi tahrirdagi “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonunga ko‘ra, ekologik ekspertiza davlat va jamoat ekologik ekspertizasi tarzida amalga oshiriladi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi.

Xo‘sh, nimalar ekspertiza ob’ektlari hisoblanadi va ekologik ekspertizadan o‘tkazilishi kerak?
Bularga barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini tanlash va ajratish materiallari, loyiha oldi va loyiha hujjatlari, tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan normativ-texnik va yo‘riqnoma-uslubiy hujjatlar, texnik reglamentlar va shartlarning, standartlarning, qoidalar hamda yo‘riqnomalarning loyihalari, chiqindilarni zararsizlantirish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun yangi turdagi texnologiyalarni hamda texnika vositalarini, materiallar, buyumlar, biologik, kimyoviy moddalarni va vositalarni yaratish bo‘yicha hujjatlar, atrof-muhitning holatiga va inson sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ishlab turgan korxonalar hamda boshqa ob’ektlar, maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan ob’ektlar kiradi.
Davlat ekologik ekspertizasining xulosasi yuridik kuchga ega hisoblanadi. Masalan, atrof-muhitga ta’sirni baholash materiallari bo‘yicha ekologik ekspertiza – xulosa berilgan kundan e’tiboran 3 yil mobaynida, ekologik normativlar loyihalari bo‘yicha – xulosa berilgan kundan e’tiboran 5 yil mobaynida kuchga ega bo‘ladi.
Qonunda atrof-muhitga ta’sirni baholash jarayonlariga jamoatchilikni keng jalb etish, xususan, jamoatchilik ekologik ekspertizasi hamda jamoatchilik eshituvini o‘tkazish tartiblari belgilandi. Qonun fuqarolarning qulay atrof-muhitga hamda uning holati to‘g‘risida ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqlarini ta’minlab, shaharsozlik hujjatlari loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishda huquqiy asos bo‘ladi.
Ushbu qonun e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kirishi belgilangan.
Muhtarama Komilova, O‘zA