Jamoat xavfsizligini ta’minlashda kadrlar tayyorlashning yangi bosqichi
Mamlakatimiz rahbarining qarori jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida zamonaviy bilim va yuksak amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan professional kadrlar tayyorlashning uzluksiz ta’lim tizimini yaratishga qaratilgan.
Munosabat
Bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamoat tartibini saqlash hamda xavfsiz va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Ushbu vazifalarning samarali ijrosi, avvalo, zamonaviy bilim, yuksak kasbiy mahorat, mustahkam huquqiy tafakkur va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan professional kadrlarni tayyorlash bilan chambarchas bog‘liq. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimizning 2026-yil 26-avgustdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim huquqiy hujjat sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qarori jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida zamonaviy bilim va yuksak amaliy ko‘nikmalarga ega professional kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratishga qaratilgan.
Unda Jamoat xavfsizligi universitetini ushbu yo‘nalishda kadrlar tayyorlovchi va ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib boruvchi tayanch oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasasi sifatida transformatsiya qilish vazifasi belgilangan. Bu yondashuv oliy ta’lim muassasasining vazifalarini faqat ta’lim berish bilan cheklab qo‘ymay, uni amaliyot, ilm-fan, innovatsiya va kadrlar siyosatini o‘zaro bog‘lovchi yaxlit tizimga aylantirishni nazarda tutadi.
Qarorda kadrlar tayyorlash tizimining amaliyotga yo‘naltirilgani alohida e’tiborga molik. Xususan, bakalavriat bosqichida o‘quv dasturlarini bosqichma-bosqich amaliy mashg‘ulotlarga yo‘naltirish, kursantlarning amaliyotini ichki ishlar organlarining tegishli bo‘linmalarida tashkil etish, ularning haqiqiy xizmat muhiti bilan bevosita tanishishini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Bunday tizim bo‘lajak mutaxassisning nazariy bilimlarini amaliy vaziyatlarda to‘g‘ri qo‘llashi, tezkor va asosli qarorlar qabul qilishi, fuqarolar bilan samarali muloqot qilishi hamda kasbiy mas’uliyatni chuqur his etishiga xizmat qiladi.
Qarorning yana bir muhim jihati – ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishidir. Hujjatda sun’iy intellekt texnologiyalari, dronlardan foydalanish, geoinformatsion tizimlar, videokuzatuv, biometrik identifikatsiya, xulq-atvor tahlili kabi texnologiyalardan foydalanishga oid bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish nazarda tutilgan.
Professional kadr tayyorlashda xorijiy tillarni mukammal egallash ham katta ahamiyatga ega. Qarorda kursant va tinglovchilarga ikkita xorijiy tilni “1+1” dasturi asosida o‘rgatish, xorijiy tilni bilish darajasini milliy va xalqaro sertifikatlar orqali tasdiqlash tizimini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Bu talab kelgusida xalqaro tajribani bevosita o‘rganish, xorijiy ilmiy manbalardan foydalanish, xalqaro hamkorlik loyihalarida faol ishtirok etish va ilg‘or tajribalarni milliy amaliyotga joriy etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Qarorda professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga ham tizimli yondashilgan. Professor-o‘qituvchilarni amaliyot bilan bog‘lash, ularning pedagogik faoliyati natijadorligini baholash, yuqori natija ko‘rsatganlarni rag‘batlantirish hamda zarur hollarda amaliy xizmat tajribasiga ega mutaxassislarni pedagogik faoliyatga jalb etish ko‘zda tutilgan. Bu ta’lim mazmunining hayotiyligi va amaliy ahamiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ham qarorning strategik ahamiyatini yanada oshiradi. Jamoat xavfsizligi masalalari bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar institutini tashkil etish, xavfsizlikka tahdidlarni o‘rganish, baholash va prognozlash, zamonaviy yechimlarni ishlab chiqish, xalqaro hamda respublika miqyosida ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazish nazarda tutilgan. Ilmiy tadqiqot natijalarining bevosita amaliyotga tatbiq etilishi jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimida qarorlar qabul qilishning ilmiy asoslanganligini kuchaytiradi.

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham qarorning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Yetakchi xorijiy o‘quv markazlari bilan strategik hamkorlik o‘rnatish, xorijiy ekspertlar, trenerlar va amaliyotchi mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb qilish, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlarning xorijda malaka oshirishi va qayta tayyorlanishi ko‘zda tutilgan. Bu orqali jahon tajribasida o‘zini oqlagan ilg‘or o‘qitish uslublari, simulyatorlar, virtual ta’lim texnologiyalari va zamonaviy xizmat amaliyotlarini milliy ta’lim tizimiga moslashtirish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur qarorning yana bir e’tiborga molik jihati – unda islohotlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari, muddatlari va mas’ul ijrochilari belgilanganidir. Chora-tadbirlar dasturida ta’lim tizimini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha vazifalar bosqichma-bosqich rejalashtirilgan. Bunday yondashuv hujjatning shunchaki deklarativ emas, balki amaliy ijroga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur muhim qarori jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan kompleks va istiqbolli hujjatdir. Unda ta’limning amaliyot bilan integratsiyasi, ilmiy-tadqiqot faoliyati, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va zamonaviy xavfsizlik texnologiyalaridan foydalanish, xorijiy tillarni o‘rganish, xalqaro hamkorlik, professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirish hamda bitiruvchilarning kasbiy faoliyatini monitoring qilish kabi o‘zaro bog‘liq yo‘nalishlar qamrab olingan.
Sardorbek Yusupov,
Namangan davlat universiteti yuridik fakulteti dekani, yuridik fanlar doktori, professor.
Ibrohim Otamirzayev,
Universitetning jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA.