Jamoat transportida to‘lov narxlari oshdi (+video)
Toshkent shahar jamoat transporti yo‘nalishlarida qatnovlarni amalga oshirish uchun belgilangan narxlar o‘zgardi. Bu haqda bugun, 2 noyabr kuni Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy komunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1-noyabr kunidan avtobus va metropolitendagi qatnovlarni naqd pul orqali amalga oshirish narxi – 2 000 so‘mni, qatnov uchun 1 martalik elektron to‘lov – bank kartalari hamda ATTO transport kartasi orqali amalga oshirilganda 1 700 so‘mni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, yangi tabaqalashgan tarif rejalariga ko‘ra Transport kartalaridan (ATTO) foydalangan holda bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul to‘lov tariflari joriy etilgan.
Unga ko‘ra, bir soat ichida birinchi avtobusdagi qatnov uchun to‘lov 1 700 so‘mni;
ikkinchi avtobusdagi qatnov uchun 700 so‘mni tashkil etmoqda;
uchinchi va keyingi avtobuslarda qatnov esa bepul amalga oshiriladi.
Shuningdek, bir soat ichida metrodagi to‘lov 1700 so‘mni, metrodan so‘ng birinchi avtobusdagi qatnov uchun to‘lov 1 100 so‘mni, ikkinchi avtobusda to‘lov 700 so‘m, uchinchi va keyingi avtobuslardagi qatnov uchun esa to‘lov bepul bo‘ladi.
Bundan tashqari, bir soat ichida birinchi avtobusda to‘lov 1 700 so‘m bo‘lsa, undan so‘ng metrodagi qatnov uchun to‘lov 1 100 so‘mni tashkil etadi, metrodan keyingi ikkinchi avtobusda to‘lov esa 700 so‘m, undan so‘nggi uchinchi va keyingi avtobuslardagi qatnov uchun esa to‘lov bepul bo‘ladi.
Shu bilan birgalikda, yo‘lovchi birinchi transportga chiqishida to‘lov qilingan vaqtdan boshlab hisob davri boshlanadi. Ya’ni, bir soatlik tarifda metrodan har doimgidek faqat bir marta foydalanishga ruxsat etiladi. Ikkinchi marotaba foydalanganda 60 daqiqalik hisob davri yangidan boshlanadi.
Yana qo‘shimcha ravishda yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan foydalanishda, uning turidan qat’iy nazar, kunlik, bir, uch va olti oylik, yillik cheklangan va cheklanmagan tarif rejalari joriy etilgan.
Bunda esa ushbu tariflardan foydalanuvchi yo‘lovchilar belgilangan vaqt davrida cheksiz qatnovlarni amalga oshirishlari mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/N8Vs8-PtqdY?si=1b0Jxy8k6R4rFhL9" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, N.Abduvoitov, A. Ahmedov, O‘zA