Jamiyat va ommaviy axborot vositalari
Buxoroda «Jamiyat va ommaviy axborot vositalari» mavzusida mintaqaviy respublika seminari bo‘lib o‘tdi. Unda Buxoro va Navoiy viloyatlarining viloyat, tuman, shahar gazetalari muharrirlari, viloyat teleradiokompaniyalarining mas’ullari, jurnalist va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Buxoro davlat universiteti jurnalistika yo‘nalishi talabalari qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Buning uchun mustahkam tashkiliy-huquqiy asos barpo etildi. Soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish tizimi yaratildi. Bu esa ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan har bir ijodkorni davr nafasi bilan yashab, keng jamoatchilikni bunyodkorlik sari ruhlantirishga, islohotlar mohiyatini anglashga undovchi shaxs sifatida jamiyat hayotining faol, ilg‘or fikrli vakiliga aylanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Bunday yuksak mas’uliyat ijtimoiy-iqtisodiy turmushning barcha jabhalaridagi yangilanishlarga daxldor bo‘lish, jamiyat hayotidagi yutuq va kamchiliklarni o‘z vaqtida keng omma ixtiyoriga havola qilish va ularda ma’lum ijtimoiy munosabatni shakllantirishni talab etadi.
[gallery-3942]
Zero, davlatimiz rahbari yaqinda matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillariga yo‘llagan bayram tabrigida «O‘z-o‘zidan ravshanki, bugun biz yashayotgan yangi davr, yangicha ijtimoiy munosabatlar ommaviy axborot vositalarining oldiga tez sur’atlar bilan o‘zgarib, rivojlanib borayotgan jamiyatimizning talablariga har tomonlama munosib bo‘lish, odamlarni o‘ylantirayotgan, bezovta qilayotgan muammolarga javob izlash, ularni kun tartibiga qo‘yib, jamoatchilik fikrini shakllantirish bo‘yicha o‘ta muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda», deya ta’kidlab o‘tdi. O‘z navbatida, Prezidentimiz jurnalistlarga qilayotgan har bir murojaatida ayni shu murakkab va qaltis zamonda dunyoda, yon-atrofimizda ro‘y berayotgan voqea hodisalarni chuqur idrok etish, ularning tub mohiyatiga yetib borish uchun, avvalo, odamlarda mustaqil fikrlash va yana bir bor mustaqil fikrlashni shakllantirish talab qilinishiga alohida to‘xtalmoqdalar. Bularning barchasi ommaviy axborot vositalari vakillari oldiga yanada sharafli vazifani qo‘ymoqda. Sir emaski, turli g‘oya va mafkuralar, manfaatlar kurashi keskinlashib, «ommaviy madaniyat» va boshqa tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi davrda axborot hal qiluvchi omilga aylanyapti. Shunday paytda fuqarolarda oqni qoradan, xolisni noxolisdan ajratish salohiyati, ma’naviy ma’rifiy immunitetni mustahkamlash ayni zaruratdir. Bunda ommaviy axborot vositalarining roli va o‘rnini kuchaytirish har qachongidan ko‘ra muhim bo‘lib bormoqda. Yurtimizda buning uchun barcha imkoniyat mavjud. Zero, yuqorida aytib o‘tganimizdek, respublikamizda istiqlolning ilk yillaridan boshlab axborot sohasini isloh qilish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga doir bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda.
bugungi kunda mazkur yo‘nalishda o‘ndan ortiq qonunlar qabul qilindi. Sohadagi qator tarmoqlar negizida jurnalistlarning professional faoliyati uchun zarur qulayliklar yaratilyapti. Xususan, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi, «Reklama to‘g‘risida»gi, «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi, «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi va boshqa qator qonunlarda axborot va so‘z erkinligini ta’minlash hamda himoya qilish belgilab qo‘yildi. Keyingi yillarda OAVning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish va erkin axborot maydonini rivojlantirish masalalariga katta e’tibor qaratilayotir. Boisi, bozor iqtisodiyoti sharoitida jamiyatga xolis, tezkor, shaffof axborotlarni yetkazishga, asosan, iqtisodiy erkin bo‘lgan ommaviy axborot vositasigina qodir bo‘ladi.
Buxoro viloyati hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan seminarda «bugungi kun jurnalistikasi», «Yosh jurnalistlarni tayyorlash: bu boradagi yutuqlar va muammolar», «2021 yil – «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da belgilangan ishlarni yoritilishi (Romitannoma gazetasi misolida), «Prezident saylovini yoritishda OAV ishtiroki va roli» mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
-Buxorodagi respublika seminarida fikrlar, tajribalar almashildi, -deydi «Navoiy ziyosi» gazetasi bosh muharriri Sanjar Qurbonov. – Soha rivoji uchun qabul qilingan hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati borasidagi ma’ruzalar biz jurnalistlar uchun dasturilamal bo‘lib qoladi. Ayniqsa, joriy o‘quv yilida Buxoro davlat universiteti jurnalistika yo‘nalishining ochilganligi yig‘ilganlarga qiziqish uyg‘otdi. Seminarda saylov jarayonini yoritish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Saylovni yoritishda ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik hamda eng muhimi tezkorlik talabi qo‘yildi.
Seminar ishida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olim O‘sarov qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA