Jamiyat – islohotlar tashabbuskori
Prezidentimizning 2020-yil 16-apreldagi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Jamoatchilik palatasi tashkil etildi.
Prezidentimizning 2020-yil 16-apreldagi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Jamoatchilik palatasi tashkil etildi. Bu xalqimizga nima beradi? Quyida shu savolga javob berishga harakat qilamiz.
Dastlab bu boradagi xorij tajribasi haqida qisqacha maʼlumot beramiz. Rivojlangan demokratik davlatlarda jamoatchilik fikri davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini shakllantirishda asosiy omil sanaladi. Aksariyat mamlakatlarda jamoatchilik kengashi institutlari davlat yoki jamoatchilik tashabbusi bilan normativ-huquqiy hujjat asosida tashkil etiladi. Ularga muayyan vakolatlar beriladi va davlat boshqaruvi organlari faoliyatini amalga oshirishda maslahat olinadi.
Rossiyada Beslan fojiasidan keyin Jamoatchilik palatasi tashkil etildi. Bugungi kunda palata federal qonunlar va loyihalari, davlat boshqaruvi organlari qabul qiladigan huquqiy hujjatlar ustidan jamoatchilik ekspertizasini amalga oshiradi.
AQSHda hokimiyat ustidan jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyati institutlari tashkil etilishi bilan birga rivojlanib bordi.
Germaniyada jamoatchilik nazorati jamiyatdagi konsensusning hal qiluvchi omili sifatida nafaqat fuqarolik jamiyati institutlari, balki parlament va sudlar tomonidan hokimiyatga nisbatan amalga oshiriladi. Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, OAV davlat xizmatchilarining korrupsion harakatlarini nazorat qiladi. Jumladan, OAVda maʼlumotlar eʼlon qilinganidan soʻng Germaniya Prezidenti K.Vulf lavozimidan ozod etilgan.
Oʻzbekistonda ham jamoatchilik fikri muhim siyosiy, ijtimoiy masalalarni hal etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu jihatlar mansabdor shaxslar faoliyatiga, ularning xatti-harakatlariga baho berishda, qonun hujjatlari qabul qilinishida fuqarolarning bevosita ishtirokida ham koʻzga tashlanmoqda. Fikrimizga misol sifatida Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy mahallasida yashovchi aholining sayʼ-harakati bilan noqonuniy kesilgan 81 daraxt oʻrniga sersoya daraxtlar ekish orqali bogʻ qayta tiklanib, oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan 1 milliard 891,3 million soʻm miqdoridagi zarar ayblanuvchilardan undirilganini aytishimiz mumkin.
Shuningdek, soʻnggi paytlarda joylarda hokimlik va idoralar tomonidan yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish borasida qator qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgani xalq vakillari va keng jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va hududiy jamoatchilik palatalari doimiy faoliyat yurituvchi maslahat kengashi organi hisoblanadi.
Farmon bilan palataga bir qator vakolatlar berildi. Unga koʻra yangi tuzilma shaxs – jamiyat – davlatning mamlakatni yana-da jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlarini birlashtiruvchi eng maqbul muloqotini yoʻlga qoʻyadi, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlaridagi ishtirokini faollashtirish, davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga koʻmaklashadi, aholi fikrini tizimli oʻrganish orqali tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha takliflarni kiritib boradi.
Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini kuchaytirishga xizmat qiladi, muhim normativ-huquqiy hujjat loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazadi, norma ijodkorligi sifatini tubdan yaxshilashga koʻmaklashadi, fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarning soʻz erkinligi, fuqarolarning axborot olish va tarqatish huquqini amalga oshirishga yordam beradi, islohotlar va davlat dasturlarining joylarda va sohalarda amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik monitoringini tashkillashtirish, ularni sifatli bajarish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, erishilgan koʻrsatkichlar, ijobiy oʻzgarishlar va mavjud muammolar toʻgʻrisidagi axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Hukumatga muntazam kiritib boradi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Jamoatchilik palatasining tashkil etilishi aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki koʻlamini kengaytirish hamda fuqarolar, jamiyat va davlatning oʻzaro yaqin hamkorligini oʻrnatish orqali “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoyani roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.
B.NARIMANOV,
Toshkent davlat yuridik
universiteti katta oʻqituvchisi.