Jajji shaxmatchilar musobaqasi
Navoiy shahrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida shaxmat musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda shaxmatni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida “Shaxmat kunlari” o‘tkazilmoqda.
[gallery-12612]
Navoiy shahrida o‘tkazilgan musobaqaning viloyat bosqichida tuman (shahar) bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 5-7 yoshli o‘g‘il va qizlar 5 tur doirasida dona surib, o‘zaro bahslashdi.
Yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni o‘g‘il bola tarbiyalanuvchilar o‘rtasida Navoiy shahridagi “Yangi avlod” oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Muhsin Komilov, qizlar o‘rtasida Navoiy shahridagi 31-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Xushnoza Murodillayeva egalladi. Endilikda ular musobaqaning respublika bosqichida viloyat sha’nini himoya qiladi.
G‘olib va sovrindor bolajonlarga boshqarmaning “Diplom” va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev,
S.Aslonov (surat), O‘zA