Jahon kubogi g‘oliblari O‘zbekistonga qaytdi
So‘nggi yillarda mamlakatimiz sportchilari ko‘plab nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, davlatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarmoqda. Kuni kecha Ukrainaning Koblevo shahrida o‘tkazilgan Universal jang bo‘yicha jahon kubogi bahslarida muvaffaqiyatli qatnashgan sportchilarimiz medallar shodasi bilan yurtimizga qaytib keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, sport jamoatchiligi, harbiy orkestr hamda sportchilarning yaqinlari jam bo‘ldi. Tadbirda so‘z olganlar bugun yurtimizda sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.
Mazkur musobaqalarda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlaridan 500 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etib, yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining 42 nafar tajribali va mahoratli sportchilari umumjamoa hisobida o‘smirlar o‘rtasida birinchi, kattalar o‘rtasida esa faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar orasida Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchisi, dzyudo va sambo bo‘yicha sport ustasi, qo‘l jangi bo‘yicha sport ustaligiga nomzod oddiy askar Muhammadlaziz Qayumov ham bor.
Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Muhammadlaziz Farg‘ona davlat universitetini jismoniy tarbiya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U bir necha yillardan buyon mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda qatnashib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Xususan, 2018-2019 yillarda sambo bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 2 va 3-o‘rinlarni, 2020 yilda Universal jang bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslarida 3-o‘rinni, 2021 yilda esa mazkur musobaqalarda faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Koblevodagi musobaqalarda ham harbiy sportchi 90 kilo vazn toifasida ozarbayjonlik va ukrainalik raqiblarini yengib, finalga yo‘l oldi. Qizg‘in va murosasiz kechgan final bahslarida moldovalik raqibidan ustun kelgan Muhammadlaziz oltin medalni qo‘lga kiritdi. Davlatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tardi. Uning bunday yuqori natijalarga erishishi bejiz emas, albatta. Zero, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari va sport qo‘shinlar jangovar tayyorgarligining muhim omili sanaladi. Universal jang sport turi ham matonat, chidamlilik va chaqqonlik kabi xislatlarni tarbiyalashi bilan yurt himoyachilari o‘rtasida keng ommalashgan.

Ushbu sport turi bo‘yicha jahon kubogi sohibi bo‘lgan oddiy askar Muhammadlaziz Qayumovning g‘alabasi alohida e’tirof etilib, harbiy sportchi Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligi tomonidan rag‘batlantirildi. Albatta, bu kabi tadbirlar sportchilarimizni yanada ruhlantirib, yangi-yangi zafarlar sari undaydi.
Nilufar Bozorova, O‘zA