Jahon chempionlari yoshlar bilan uchrashdi
Toshkent viloyati Parkent tumanida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida chempion sportchilar bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Toshkent viloyati Parkent tumanida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida chempion sportchilar bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Prezidentimiz raisligida joriy yil 19-mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari, bunda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan asosiy jihatlar atroflicha muhokama qilinib, bu borada Sirdaryo viloyati tajribasini yurtimizning barcha hududlariga keng joriy etish vazifasi belgilab berilgan edi.
Yoshlarning vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun madaniy tadbirlar, kompyuter savodxonligi va internet markazlari, sport toʻgaraklari, kitob doʻkonlari, “Kitob kafe”lar tashkil etish, kutubxonalar fondini yangilash, uy bekalarini tikuv sexlariga jalb qilish kabi vazifalarni sifatli amalga oshirish, bu boradagi konsepsiya va taklif etilayotgan har bir loyihani amaliyotda samarali qoʻllash maqsadida Boʻka tumani tajriba-sinov tariqasida tanlab olinib, oʻtgan qisqa vaqt mobaynida tumanda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Eʼtiborli jihati, mamlakatimiz, shu jumladan, Toshkent viloyati markazidan tortib chekka va olis qishloqlarda hayotga tatbiq etilayotgan 5 ta muhim tashabbus boʻyicha Boʻka tumani tajribasi yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ayniqsa, sportga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Parkent tumani bolalar va oʻsmirlar sport maktabida chempion va faxriy sportchilar bilan tashkil etilgan uchrashuv ham ayni maqsadlar yoʻlida yoshlarning sportga boʻlgan qiziqishi va ishtiyoqini yanada oshirishga xizmat qildi.
– Biror bir mashhur sportchi yoʻqki, yoshligida qaysidir sportchiga havas qilib, chempion boʻlishni maqsad qilmagan boʻlsa, – deydi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshligʻi A.Turobov. – Shu maʼnoda, bu kabi Osiyo va jahon chempionlari, olimpiya oʻyinlari sovrindorlari bilan uchrashuv havaskor yosh sportchilarning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirish, chempionlik borasidagi qatʼiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirda dzyudo boʻyicha 2 karra jahon chempioni, 3 karra Olimpiya oʻyinlari sovrindori Rishod Sobirov, kurash boʻyicha 13 karra Oʻzbekiston, 5 karra Osiyo, faxriylar oʻrtasida esa jahon chempioni Aʼzamjon Shokirjonov yosh sportchilarga chempionlik sirlari, bu yoʻlda talab etiladigan mehnat va rioya etilishi lozim boʻlgan tartiblar haqida soʻzlab berdi.
Tadbir doirasida, shuningdek, chempion sportchilar yoshlarga oʻz yoʻnalishlari boʻyicha mahorat saboqlari oʻtib berdi.
Tadbirda viloyat, mamlakat va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, gʻalabaga erishgan bir guruh parkentlik yosh, umidli sportchilar tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.