Jahon chempionatining "C" guruhidan joy olgan jamoalar turnir davomida qanday brend ostidagi liboslardan foydalanishini e’lon qildi
"C" guruhidan joy olgan Braziliya, Marokash, Shotlandiya va Gaiti terma jamoalari mundial uchun o‘z liboslarini taqdim etdi.
Joriy yilning yoz oyida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi. Ushbu turnirning "C" guruhidan joy olgan Braziliya, Marokash, Shotlandiya va Gaiti terma jamoalari mundial uchun o‘z liboslarini taqdim etdi.
Jahon chempionatining 5 karra g‘olibi hisoblangan Braziliya terma jamoasi ushbu mundialga Nike brendi tomonidan ishlab chiqilgan liboslarda ishtirok etadi. Braziliyaliklar an’anaga sodiq qolgan xolda uy libosiga sariq rangni tanlagan. Forma asosan saring rangda bo‘lib, uning oldi qismiga har xil geometrik shaklarda ishlov berilgan. Libosning yoqasi oddiy V shaklida ishlangan bo‘lib, yashil rang bilan ajratilgan. Formaning yeng va yon qismlaridan esa ingichka yashil chiziq o‘tgan.

Braziliyaliklarning mehmon libosi noodatiy tarzda ishlanganligi bilan ajralib turadi. Bu formaning asosiy rangi qoraga yaqin bo‘lgan to‘q ko‘k hisoblanadi. Libosning ustida vertikal chiziqli tekstura mavjud. Shuningdek formadagi Jordan Nike brendi ham oltin rang bilan ajratilib qo‘yilgan va bu formaga yanada premium ko‘rinish beradi. Formaning yoqa va yeng qismi qora rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Yelka va yon qismlariga esa ingichka sariq chiziq bilan ishlov berilgan.

Guruhning ikkinchi termasi Marokash jamoasi ushbu turnirga Puma brendi ostidagi liboslarda tashrif buyuradi. "Atlas sherlar"ning uy libosi qizil rangda va forma hech qanday naqshlarsiz oddiy tarzda yaratilgan. Libosning yoqasi dumaloq shaklda bo‘lib, oldi qismida kichik tugmachali dizayn bor. Formaning yoqasining yon tomonlari va yengining uchlarida milliy naqshlar ishlatilgan. Kiyimning ikki yon tomoniga esa yashil rangli shaklarda ishlov berilgan.

Marokashliklarning ikkinchi libosi oq rangda bo‘lib, uning oldi qismiga oltin rangdagi murakkab geometrik va milliy naqshlar vertikal tarzda joylashtirilgan. Formaning yoqasi aylana shaklda ishlanib, qizil va yashil rangli kombinatsiya bilan ajratilib qo‘yilgan.

Bu guruhning uchinchi termasi Shotlandiya jamoasi turnir davomida Adidas brendi ishlab chiqargan liboslardan foydalanadi. Shotlandiya terma jamoasining uy libosi to‘q ko‘k bo‘lib, bu ularning an’anaviy rangi hisoblanadi. Formaning oldi qismida deyarli sezilmaydigan to‘lqinsimon tekstura bor. Libosning yoqa qismi V shaklda bo‘lib oq rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek, yeng qismida ham biroz oq rangdan foydalanilgan.

"Tartan armiyasi"ning ikkinchi libosi noodatiy ranglardan biri bo‘lgan to‘q sariq rangda yaratilgan. Forma bo‘ylab ingichka vertikal chiziqlar tushirilgan. Shu bilan uning fonida juda nozik grafik naqshlar ham bor. Libosning yoqasi V shaklda ishlangan bo‘lib, uni ko‘k va oq ranglar kombinatsiya qilingan xolda ajratib qo‘yilgan. Shuningdek yengi qismi ham shu tarzda ishlangan.

Guruhning so‘nggi ishtirokchisi Gaiti terma jamoasi ushbu musobaqada SAETA brendidan foydalanadi. Gaiti jamoasining birinchi libosi ko‘k rang hisoblanadi. Formaning chap past tomonida bayroq ko‘targan odamlar silueti tasvirlangan, bu erkinlik va milliy g‘urur ramzidir. Libosning yoqa qismi V shaklida ishlangan bo‘lib, qizil rang bilan ajratilgan va atrofidan ingichka oq chiziqlar o‘tgan. Kiyimning yeng qismi to‘q ko‘k rangda ajratilgan va paski qismiga qizil chiziq bilan ishlov berilgan.

Gaiti terma jamoasi mehmon libosiga oq rangni tanlagan. Bu libos jamoaning uy formasidan faqat rang jihatdan farq qiladi. Har ikkala formaning dizayni bir xil ishlangan.
