Jahon chempionati tarixi. JAR-2010. "Qizil furiya"ning furori
Turnir haqida qiziqarli top-12 fakt bilan tanishing.
2010-yilda Janubiy Afrika Respublikasi jahon chempionati bahslariga mezbonlik qildi. Bu Afrika qit'asi mezbonlik qilgan ilk mundial edi. Turnir haqida qiziqarli top-12 fakt bilan tanishing.
1. Ilk mezbonlik va eng yomon natija
JAR futbol bo‘yicha JCHga mezbonlik qilgan ilk Afrika davlatiga aylandi. Ammo shu bilan birga, turnir tarixida guruh bosqichidan chiqa olmagan ilk mezbon mamlakat sifatida ham qayd etildi.
2. «Mag‘lub bo‘lmagan» jamoa
Yangi Zelandiya terma jamoasi guruh bosqichidagi uchta o‘yinning barchasida durang o‘ynab, musobaqani tark etdi. Biroq chempion bo‘lgan Ispaniya ham bitta o‘yinda imkoniyatni boy berganini hisobga olsak, Yangi Zelandiya ushbu JCHda biror marta mag‘lubiyat alamini totmagan yagona jamoa bo‘lib qoldi.
3. Finalchilarning kutilmagan inqirozi
Amaldagi jahon chempioni Italiya va vitse-chepion Fransiya o‘z guruhlarida so‘nggi o‘rinlarni egallab, biror bir g‘alabasiz turnir bilan erta xayrlashishdi.
4. Tarixiy triumf va rekordlar
Ispaniya terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor JCH oltin medallariga ega chiqdi va jahon tojini qo‘lga kiritgan 8-mamlakatga aylandi. «Qizil furiya» ushbu turnirda bir qator noyob rekordlarni o‘rnatdi:
Ilk o‘yindagi mag‘lubiyatdan (Shveysariyadan 0:1) keyin chempionlikni qo‘lga kiritgan birinchi jamoa bo‘ldi.

Chempionlar ichida eng kam gol urgan jamoa — 7 ta o‘yinda bor-yo‘g‘i 8 ta to‘p kiritildi.
Yevropadan tashqarida o‘tgan JCHda g‘olib chiqqan ilk Yevropa terma jamoasi bo‘ldi.
Pley-off bosqichidagi barcha o‘yinlarni, jumladan finalni ham bir xil — 1:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunladi.
GFR (1972, 1976) va Fransiyadan (1998, 2000) keyin ketma-ket ikkita yirik turnirda g‘olib chiqqan uchinchi jamoaga aylandi. Oradan-2 yil o‘tib, ispanlar tripl-trik qayd etishdi (Yevro-2008, JCH-2010, Yevro-2012) va bu borada mutlaq rekordchi bo‘lishdi.
5. Aka-ukalar qarama-qarshiligi
JCH tarixida ilk bor tug‘ishgan aka-ukalar ikki xil milliy terma jamoa libosida bir-biriga qarshi maydonga tushishdi: Jerom Boateng Germaniya, Kevin-Prins Boateng esa Gana sharafini himoya qildi.
6. Vuvuzela sadolari
Ushbu turnirning bosh ramzi va ayni paytda eng katta «bosh og‘rig‘i» uzun plastik naylar — vuvuzelalar bo‘ldi. Translyatsiya paytidagi tinimsiz shovqindan norozi bo‘lgan teletomoshabinlarning shikoyatlari sababli, TV-kompaniyalar maxsus audiofiltrlarni ishga solishga majbur bo‘lishdi. Keyinchalik FIFA vuvuzelalarni boshqa yirik turnirlarda taqiqlab qo‘ydi.
7. Sehrli bashoratchi
Musobaqaning eng mediatik qahramonlaridan biri — Germaniya okeanariumidagi Paul laqabli osminog bo‘ldi. U Germaniya terma jamoasining barcha 7 ta o‘yini hamda finalda Ispaniyaning g‘alabasini tegishli bayroq o‘rnatilgan yegulik qutisini tanlash orqali xatosiz bashorat qildi.
8. Kult darajasidagi madhiya
Shakira ijrosidagi turnirning rasmiy qo‘shig‘i — «Waka Waka (This Time for Africa)» yilning eng asosiy xitiga aylandi va shu kungacha futbol tarixidagi eng taniqli madhiyalardan biri bo‘lib qolmoqda.
9. Gana terma jamoasining dramasi
Chorak finalning overtaym (qo‘shimcha bo‘limlar) so‘nggi daqiqasida urugvaylik hujumchi Luis Suares bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni qo‘li bilan qaytardi. Suares qizil kartochka oldi, ammo Gana yetakchisi Asamoa Gyan penaltidan unumli foydalana olmay, to‘pni darvoza to‘siniga tepdi. Penaltilar seriyasida g‘alaba qozongan Urugvay Ganani JCH yarim finaliga chiqqan ilk Afrika jamoasi bo‘lish baxtidan mahrum etdi.
10. Frenk Lempardning «arvoh-goli»
1/8 finaldagi Germaniya — Angliya uchrashuvida inglizlar yarim himoyachisi Lempardning zarbasidan so‘ng, to‘p darvoza to‘siniga tegib, Manuel Noyer darvozasi chizig‘ini to‘liq kesib o‘tdi va qaytib chiqdi. Hakamlar golni inobatga olishmadi va Angliya 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Mazkur mojaro FIFAni keyingi JCHda darvoza daxlsizligini avtomatik aniqlash tizimini (Goal-line technology) joriy etishga majbur qildi.
11. «Qonli» final
Ispaniya va Niderlandiya o‘rtasidagi hal qiluvchi bahs qo‘pol o‘yinlar, ayniqsa, gollandlarning shafqatsiz harakatlari bilan yodda qoldi. Bosh hakam Xovard Uebb JCH finallari uchun rekord darajadagi 14 ta sariq va 1 ta qizil kartochka ko‘rsatishga majbur bo‘ldi.
12. Navbatdagi fiasko
Niderlandiya terma jamoasi Jahon chempionati finallarining eng omadsiz jamoasi nomini o‘zida saqlab qoldi: 3 ta final va 3 ta mag‘lubiyat (1974, 1978, 2010).
