Jahon boksi yulduzlari ishtirokidagi chempionat boshlanmoqda
8 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati g‘oliblari, qit’a chempionatlarining sovrindorlari ishtirokida erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bahslari boshlanadi.
Bugun, 7 dekabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida chempionat oldidan matbuot anjumani, texnik komissiya yig‘ilishi hamda qur’a tashlash marosimi tashkil etildi.

O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev, erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi To‘lqin Qilichev, ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Elshod Rasulov, terma jamoa murabbiylar shtabi a’zosi, kubalik Xuan Enrike ishtirok etgan anjumanda chempionatni har jihatdan yuqori saviyada tashkil etish borasidagi tayyorgarlik jarayonlari, musobaqada qatnashadigan bokschilar, bahslarni boshqarib boradigan hakamlar, janglar jarayonida shaffoflikni ta’minlash masalalari xususida so‘z yuritildi.
Jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida mutaxassislar chempionatda Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Dilshodbek Ro‘zmetov, Lazizbek Mullajonov kabi nomdor bokschilar qatnashishi, qit’a chempionati sovrindorlari Madiyor Saidrahimov, Ruslan Abdullayev, Abdumalik Xalakov Osiyo chempionatida olingan jarohatlari sababli ishtirok eta olmayotganliklari, sportchilarning salomatligi eng muhim jihatligini ta’kidladi.

Chempionatda musobaqaning eng yaxshi bokschisiga taqdim etiladigan "Rufat Risqiyev kubogi", g‘olib va sovrindorlarga beriladigan medallar Tokio Olimpiadasi medallari tayyorlagan kompaniya tomonidan ishlab chiqildi. Shohsupaga ko‘tarilgan har bir bokschi ma’lum miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanishi, janglarni Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarini boshqarib kelayotgan 10 nafar xorijlik referilar nazorat qilishi aytib o‘tildi.
Janglarning shaffof o‘tishini ta’minlash O‘zbekiston boks federatsiyasi mutaxassislarining doimiy nazoratida bo‘ladi. Musobaqalar davomida IBAning tajribali instruktorlari Endryu Koulfild, Zoltan Jalma, O‘zbekiston boks federatsiyasi hakamlar qo‘mitasi raisi Bekjon Yusupov rahbarligida yurtimizning boks hakamlari uchun ikki kunlik amaliy va nazariy seminar tashkil etiladi.

Matbuot anjumanidan so‘ng O‘zbekiston chempionatida baholovchi hakam sifatida qatnashadigan xorijlik mutaxassilar ishtirokida texnik miting tashkil etildi. Texnik miting yakunlanganidan keyin O‘zbekiston chempionatiga qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston chempionati janglari ertaga boshlanib, 14 dekabrga qadar davom etadi.
To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA