Jaholatga qarshi ma’rifat — eng ta’sirchan kuch
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi hamda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi hamkorligida Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Mirzaobod tumanida joylashgan harbiy qismda “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’rifiy yig‘ilish tashkil etildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi hamda Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi hamkorligida Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Mirzaobod tumanida joylashgan harbiy qismda “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’rifiy yig‘ilish tashkil etildi.

Tadbirda harbiy xizmatchilar, yoshlar yetakchilari, soha mutaxassislari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni turli yot g‘oyalar, ekstremistik va buzg‘unchi oqimlar ta’siridan asrash, ularning huquqiy va mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.


Tadbir davomida so‘z olgan ma’ruzachilar mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtaldilar. Shu bilan birga, bugungi globallashuv sharoitida internet tarmog‘i va ijtimoiy platformalar orqali tarqatilayotgan turli mafkuraviy tahdidlar, soxta axborotlar va yot g‘oyalarning salbiy oqibatlari haqida fikr yuritildi.
– Bilamizki, jaholat va ma’naviy bo‘shliqqa qarshi kurashishning eng samarali yo‘li — ma’rifat, bilim va yuksak tafakkurdir. Shu bois yoshlarda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini mustahkamlash, bag‘rikenglik va vatanparvarlik tuyg‘ularini qaror toptirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shu maqsadda bu kabi ma’rifiy tadbirlarni nafaqat harbiy qismlarda, balki O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi bilan hamkorlikda ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlari, ayniqsa, yoshlar ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan korxona hamda muassasalarda ham muntazam tashkil etmoqdamiz. Zero, yoshlarni turli yot g‘oyalar va mafkuraviy tahdidlar ta’siridan asrash, ularning huquqiy va ma’naviy immunitetini mustahkamlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi, – deydi tadbirda ishtirok etgan Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi katta mutaxassisi mayor Azizbek Mamarasulov.
Tadbir ishtirokchilariga mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlarning ong-u tafakkurini mustahkamlash, ularni Vatan ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilish ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri