IZOHLAR: Xotinini uradigan erkaklarga...
Lekin ayrim ayollar andishani otini qoʻrqoq qoʻyib erkakni haqorat qiladi yoki kamsitadi. Bu ilmsizlikdan.
Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali feminizm va gender tengligi boʻyicha fleshmoblar targʻiboti avj olgan. Bu esa koʻplab odamlarning oʻz qarashlari va shaxsiy fikrlarini bildirishga turtki boʻlmoqda.

Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi “Xalq bilan muloqot” guruhida “AYOLNI URGAN ERKAK-ESHSHAK” sarlavhasi ostida qoldirilgan post ham katta va keskin muhokamalarga sabab boʻldi. Aniqrogʻi, minglab insonlarning izoh bildirishiga turtki berdi.
Guli Yoʻldosheva:
Hamma ayb ayollardami? Baʼzi bir erkak nomiga noloyiqlar xotinini koʻchada ishlatib oʻzi uyda xotinining kiyimlarini yuvib oʻtiribdi. Bunaqalarni nima deb atash mumkin.
Sodiqjon Abdullajonovich:
Toʻgʻri, urmaslik kerak. Dinimiz ham taqiqlagan. Lekin ayrim ayollar andishani otini qoʻrqoq qoʻyib erkakni haqorat qiladi yoki kamsitadi. Bu ilmsizlikdan
Malika Aliyeva:
Ayolni urish kerak emas. Xato qilsa yaxshi gap bilan tushuntirish kerak.
Shukrullo Oʻrmonov:
Oila muqaddas dargoh. Er xotin bir birini tushunishga majbur boʻladigan holatlar, sabr qiladigan, tezlik qilmasdan inson taqdirini oʻzgartirib yuboradigan harakatdan, soʻzdan bosiqlik qilish kerak.
Maxzuna Noraliyeva:
Albatta bozorlarda har xil yomon soʻzlar bilan urushadigan, soʻkishadigan ayollarni ham uchratamiz. Shu ayollarni yonidan oʻtib ketib, noqulay ahvolga tushib qolamiz. Juda hunuk vaziyat.
Nargiza Tojiyeva:
Erkak nima uchun ayolini uradi? Ojiz boʻlgani uchun, soʻzini oʻtkaza olmagani uchun. Bu erkakning ojizligi uni yashirishga harakat qiladi, lekin hamma ayollar buni biladi
Oybek Jumaniyozov:
Akalar er xotin urushi – doka roʻmol qurishi. Kimki nima qilsa, oʻzi javob beradi.
Mavluda Umarova:
Ayol ayol boʻlib qolishi uchun erkak erkakligida turishi kerak. Ayolga qoʻl koʻtardimi, bu uning ojizligini bildiradi. Ayolini buysundirishga aqli kamlik qilib qolsa kuchidan foydalanishga urinadi. Aqli yetarli boʻlgan erkak ayol kishiga hech qachon qoʻl koʻtarmaydi.
Abduraqib Axmedov:
Bola chaqangizni yuvib tarab, tejab tergab, charchab kelganingizda charchogʻingizga malham boʻlgan, koʻrpacha solib yonboshingizga bolish qoʻygan ayolni qanday urasiz. Ammo hozirgi kunlarda nafaqat urish hattoki devorni ostiga oʻtkazib ustiga devor agʻdarib yuborishga arziydigan ayollar ham kam emas. Ayollardan uzr soʻrayman, ammo bu ayni haqiqat. Hurmatli ayollar siz bizni izzat hurmat qilsangiz biz sizni bolalarimiz qatori, koʻz qarochigʻi kabi asraymiz.
Lolaxon Ergashova:
Bolam sal uylab yozsangiz bular edi. Shunday xotinlar borki ularni urib xam tarbiyalab boʻlmaydi.
Boʻriyev Faxriddin:
Oʻqishni bilmaydida, bilsa oʻzi bilardi nima qilishni. Yaxshi ayol eridan hech qachon tayoq yemaydi, Erkak oqila xotinini urmaydi.
Nargiz Maxmanazarovna:
Er yarim pir degani, xotin eridan qoʻrqish kerak. Xotin erini bir qarashidan nima qilish kerakligini anglab olish kerak, eru xotin oʻrtasida oʻzaro munozaralar boʻlib turadi. Menimcha ursa qilgan aybi uchun uradi.
Oila jamiyatning poydevori. Unda bir vatan yashaydi. Oiladagi muqaddas rishtalar mustahkam boʻlsa, yurt ravnaqi shunda. Er bilan xotinning oʻrtasidagi har qanday munosabat farzandlar kelajagiga daxl qilishini barcha yaxshi biladi. Shunday ekan, oila boshi – otalarimiz ham, uning yuragi hisoblanmish – onalarmiz ham oʻz oldidagi masʼuliyatni teran anglab, vazifalarni toʻlaqonli ado etishsa, bu kabi postlarni qoldirishga hojat qolmasdi.
Manija BAHRIYEVA,
jurnalist