Izlanish, ma’rifatga intilish uchun va rag‘bat
Aks-sado
"Zakovat" – bu o‘yindan ham ko‘ra aql musobaqasi, intellekt bellashuvi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tomoshabin ruhiyatiga ma’naviy quvvat beruvchi, bilimlari, tasavvurlarini boyituvchi mazkur musobaqa mamlakatimiz oynaijahon muxlislarining mehrini qozongan, ko‘plarning e’tiboriga tushgan.
Dunyoda qo‘hna sivilizatsiyalar, asrlar qa’riga cho‘mgan tamaddunlar bisyor. Biroq Markaziy Osiyoda shakllangan ilm-fan dunyoga shiddatli taraqqiyot, rivojlanish uchun turtki bergan. Tabarruk diyorimiz allomalar, olimu fozillar diyori bo‘lib kelgan azaldan. Bu zaminda voyaga yetgan buyuk mutafakkirlar jahon ilm-fani, ma’rifati, insoniyat ma’naviyatining taraqqiyotida yetakchi o‘rin tutgan. "Zakovat" ma’rifiy loyihasi ham yurtimizda qanday buyuk allomalar shakllanganini yana bir karra namoyon etuvchi musobaqa ekanini mamlakatimizning yoshlari, ziyolilar, umuman, barcha birdek e’tirof etadi.
"Zakovat" intellektual o‘yini tashkil etilganiga ham yigirma yil bo‘libdi. Biroq ushbu dasturining doimiy navqiron ruhi, tomoshabinga taqdim etuvchi zavqi, ma’rifati uning go‘yoki kecha yoki bugun ekran yuzini ko‘rayotgandek tasavvur beraveradi. Negaki, "Zakovat"ning g‘oyasi eskirmaydi, u doim yoshlarga xos samimiyati, beg‘uborligi, bilim sari intilishga chorlashi bilan qadrli bo‘lib qolaveradi. Mazkur ma’rifiy loyihada ishtirok etgan hamyurtlarimiz bugun jamiyat hayotining turli jabhalarida ham faolligini, topqirligi, izlanishu yangiliklarga o‘chligini munosib tarzda namoyish etib kelmoqda.
Bir paytlar oynaijahon orqali har birimizning xonadonimizga kirib kelgan "Zakovat" intellektual musobaqasi ko‘rsatuvi qizg‘in bahslarga, munozara, ham tortishuvlarga boyligi bilan, endilikda iqtidor sohiblarini o‘z safida birlashtirgan ma’rifiy harakat sifatida hamon yurtdoshlarimiz e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining mazkur loyihani muttasil tarzda diqqat bilan kuzatishi, unga befarq emasligi aslida mamlakat yetakchisining intellektual salohiyati yuksak yoshlar safining kengayishiga mudom xayrixoh ekanini yana bir karra namoyon etdi.
Yurtboshimiz "Zakovat" ma’rifiy loyihasini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, uning safini kengaytirish, iqtidor sohiblari uchun zarur barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratish bo‘yicha yangi-yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Ushbu intellektual o‘yinning fidoyilari, faol, o‘zini ko‘rsata olgan, yaxshi natijalari bilan ko‘pchilik e’tiboriga, nazariga tushgan yoshlarning mehnatini, izlanishini munosib tarzda taqdirladi, ruhlantirdi. Bu esa mamlakat yoshlariga bildirilgan yuksak ishonch, ko‘rsatilgan mehr va e’tibor, e’tirofning yana bir amaliy ifodasidir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA