Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar rivojlanmoqda
Jurnalistlar uyida Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Bobur Teshayev ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Viloyatda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni tashkil etish mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yanada takomillashtirish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirila1tgani ta’kidlandi.
Ayni paytda viloyatda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kabi o‘ndan ortiq respublika ilmiy-amaliy markazlarining viloyat filiallari faoliyat yuritmoqda.
[gallery-13218]
Vohada ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy markazi Qashqadaryo filialida yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyotlari turi va soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Masalan, 2022 yilning dastlabki yarim yilligida 448 yopiq turdagi yuqori texnologiyali kardiojarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning dastlabki yarim yilligida 1013 tani tashkil etdi. Bu yerda 2023 yilning dastlabki yarmida xorijlik malakali mutaxassislar ishtirokida jami 59 mahorat darsi tarzidagi murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Ta’kidlash lozimki, joriy yil davomida viloyatda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni yanada rivojlantirgan holda amalga oshirilgan yuqori texnologiyali operatsiyalar sonini 2 mingdan oshirish kutilmoqda. Eng muhimi, bunday amaliyotlar endi viloyat markazidan olis tumanlarga ham ko‘chmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarni o‘zlarini qiziqtirgan savollarga boshqarma boshlig‘idan batafsil javob oldi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.