Italiya madaniyati aks etgan ko‘rgazma
Toshkent fotosuratlar uyida Italiya elchixonasi va Italiya savdo agentligi bilan hamkorlikda “Dizaynni qayta anglash — makonlar, buyumlar va g‘oyalarni qayta yaratish hamda qadriyatlarni birlashtirish” mavzuida fotoko‘rgazma va uchrashuv tashkil etildi.
Ushbu tadbir Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi tashabbusi bilan butun dunyo bo‘ylab o‘tkazib kelinayotgan Italiya dizayni kunining 10-yubiley nashri doirasida tashkil etildi. Tadbirda dizayn va arxitektura sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, Italiya tajribasi hamda ushbu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida madaniy meros, ta’lim va zamonaviy dizayn yo‘nalishlarining o‘zaro bog‘liqligi, shuningdek, dizaynni rivojlantirishda innovatsion yondashuvlarning ahamiyati atroflicha yoritildi.

Tadbir doirasida italiyalik mutaxassis tomonidan “DNA MADE IN ITALY” innovatsion loyihasi taqdim etildi. Mazkur loyiha dizayn, turmush tarzi va gastronomiya yo‘nalishlarini birlashtirgan holda, tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi ko‘rgazma modelini namoyon etadi.

Shuningdek, tadbirda dizayn sohasida yangi materiallardan foydalanish, ekologik va ijtimoiy barqarorlik tamoyillarini keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA