IT ta’lim markazlariga berilgan imtiyoz samaralari
Ayni vaqtda respublikamizda 600 dan ortiq IT ta’lim markazlarida 65 ming nafardan ortiq yoshlar tahsil olmoqda. Biroq shu vaqtga qadar mazkur o‘quv markazlari sifati so‘roq ostida qolib kelgan.
IT ta’lim markazlari faoliyat natijadorligini doim ham bitiruvchilarining ishga kirganlik darajasi bilan bog‘lay olmagan.
Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 1 fevraldagi “Raqamlashtirish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va “IT -xizmatlar eksporti yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, joriy yildan boshlab “ IT -iste’dod” dasturi kuchga kirdi.
“IT iste’dod” dasturi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalarga yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab beruvchi nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish hamda kengaytirishni rag‘batlantirishga qaratilgan loyiha sanaladi.
Qarorga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlari bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotga ishga joylashganda bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha ya’ni 25 million so‘mgacha, nogironligi bo‘lgan yosh bitiruvchisi ishga joylashganda esa 105 baravarigacha ya’ni 35 million so‘mgacha bir martalik subsidiya ajratiladi.
IT-Park rezidenti bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga subsidiya berish uchun maxsus axborot tizimi (crm.digital.uz) yaratilgan bo‘lib, joriy yilning mart oyida ishga tushirildi. Bugungi kunga kelib, ushbu maxsus axborot tizimidan 485 dan ziyod ta’lim rezidentlari ro‘yxatdan o‘tgan hamda o‘zlarining 1 281 ta o‘quv kursi bo‘yicha ma’lumotlarni kiritgan.
Ushbu kurslarni 26 800 nafar o‘quvchi muvaffaqiyatli bitirgan va hozirgi kunda 5 600 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim olib kelmoqda. Bitiruvchilarning 11 000 nafardan ziyodi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ulardan 467 nafari IT-xizmatlarni eksport qiluvchi tashkilotlarda ishlamoqda.
Bu qaror o‘quv markazlari o‘rtasida o‘ziga xos chellenj vazifasini o‘taydi. Boisi CRM tizimi orqali endilikda IT markazlari faoliyati xolis baho beruvchi ko‘rsatkich, ya’ni ishga kirganlikni o‘lchovchi tizim mavjud.
Dasturning aholiga bergan qulayliklaridan biri endilikda ota-onalar ta’lim sifatiga bitiruvchilarning ishga kirganlik darajasi bilan kafolat bera oladigan o‘quv markazlarini tanlay oladi. IT o‘quv markazlari reytingi bitiruvchilarining eksport qiluvchi hamda mahalliy IT kompaniyalarga ishga kirganlik natijasiga ko‘ra real vaqt rejimida o‘zgarib turadi. CRM ma’lumotlariga ko‘ra, platformadan ro‘yxatdan o‘tgan 420dan ortiq o‘quv markazlarining 11 000 dan ziyod o‘quvchilari rasmiy ish joyiga ega bo‘lgan.
N.Rahmonova, O‘zA