IT sohasi rivojida xotin-qizlarning o‘rni
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni soha va hududlarda raqamlashtirish jarayonini jadallashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbari IT xizmatlar eksportini kelgusida 1 milliard dollargacha oshirish reja qilinganini, buning uchun kamida 100 ming nafar malakali dasturchi, IT-arxitektor, operator va muhandislar kerakligini qayd etdi.
Hududlarda yuqori tezlikdagi internet tarmog‘ini kengaytirish, xorijiy IT-kompaniyalar ko‘payishi uchun yanada qulay muhit yaratish, aholi va tadbirkorlar uchun eng zarur bo‘lgan yangi elektron xizmatlarni ishga tushirish borasida imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Yurtimizda IT sohasining rivojlanishida xotin-qizlarning ham hissasi bormi? Kam ta’minlangan, imkoniyati cheklangan xotin-qizlarning ushbu sohani mukammal egallashlari uchun sharoitlar yetarlimi?
O‘zA muxbirining shu kabi savollariga raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova javob berdi.
– bugungi kunda axborot texnologiyalari yo‘nalishida 9 mingdan ortiq xotin-qiz o‘z mehnat faoliyatini olib borayotgani barchamizni xursand qilmoqda, – deydi Kamola Sobirova. – Bu jami sohadagi xodimlarning 33 foizini tashkil etadi.
So‘nggi uch yilda respublika miqyosida dasturchi xotin-qizlar uchun qator loyihalar, xususan «IT-Women uz», «Digi Girls», «Django girls», «Tech Robo Girls» kabi mahalliy va xorijiy tanlovlar, loyihalar tashkil etilib, minglab ishtirokchilarga yangi loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy ko‘mak berilmoqda.
– 2022 yilda Toshkentda yangi loyiha – ayollar uchun «GAP» IT klubi ishga tushirildi. Ushbu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?
– Asosiy maqsad jamiyatdagi «IT sohasi qizlar uchun emas», degan stereotipni sindirish va STEM yo‘nalishida qizlar ulushini ko‘paytirishdir. O‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida Toshkentda xotin-qizlar o‘rtasida IT yo‘nalishlari bitiruvchilari va yosh mutaxassislar uchun «Digital Internship Programm» amaliyot dasturi tashkil etildi. Natijada 53 nafar qiz IT-kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shundan 23 nafar ayol ishga joylashdi, qolganlarining esa korxonalarda ishlab chiqarish amaliyoti uzaytirildi.
– IT sohasini o‘rganish uchun mablag‘ talab qilinadi. Kam ta’minlangan oilalardagi qizlarni bu sohaga o‘qitish bo‘yicha imkoniyatlar yaratilganmi?
– Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2022 yil aprel oyida IT-Park ma’muriyati USAID tashkiloti bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istondagi xotin-qizlar uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha “IT Women – Karakalpakstan” o‘quv dasturini ishga tushirdi. Loyiha doirasida 60 nafar xotin-qiz bepul ta’lim oldi.
Shuningdek, o‘tgan yilning iyun oyida IT-Park va YUNISEFning 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar, jumladan, nogironligi bo‘lgan qizlar uchun IT bo‘yicha o‘qitish dasturi – «Skills4Girls» qo‘shma loyihasi ishga tushirildi. Loyiha dekabr oyida o‘z nihoyasiga yetib, unda raqamli savodxonlik dasturi doirasida 214 nafar ishtirokchi, jumladan, 70 nafar imkoniyati cheklangan qiz o‘qitildi.
Ko‘rishida nuqsoni bor xotin-qizlar uchun alohida dastur asosida darslar tashkil qilinadi. Kelgusida imkoniyati cheklangan xotin-qizlar orasidan ham tajribali dasturchilarni kashf qilishni maqsad qilganmiz.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
suhbatlashdi