Istiqlol ziyosidan nurafshon shahar
Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz
Mamlakatimizda mustaqilligimizning 31 yilligi “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasi ostida keng nishonlanadi. Ayni paytda mazkur bayramni yuksak saviyada o‘tkazish borasida yurtimizning barcha hududlarida qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Navoiy shahrida ham bayramga tayyorgarlik avjida. Barcha mahallalarda mustaqillik bayramiga bag‘ishlab ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar o‘tkazilayotir. Ularda ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, madaniyat va san’at arboblaridan iborat targ‘ibot guruhlari ishtirok etmoqda.
Navoiy shahri qadimiy va hamisha navqiron Buxoro va Samarqand shaharlarini bog‘lovchi avtomagistral yo‘li yoqasida bo‘lib, 1958 yilda bunyod etilgan. Shahar respublikamizdagi eng yirik sanoat markazlaridan biridir. Jumladan, viloyatda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement”, “Elektrokimyo”, “Janubsanoatmontaj”, “Navoiydonmahsulot” kabi yirik 17 ta aksionerlik jamiyatlari – sanoat korxonalari, zavod va fabrikalar, ishlab chiqarish markazlari, monomarkazlar, savdo-sanoat komplekslari, yirik savdo markazlari, ommaviy jismoniy tarbiya va sport markazi va majmualari, musiqa va san’at maktablari, istirohat bog‘lari, kutubxonalar hamda korxona, tashkilot va muassasalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
[gallery-8397]
Shuningdek, viloyatda akademik litseylar, maxsus kasb-hunar maktablari, 50 ga yaqin maktabgacha ta’lim tashkilotlari, xususiy ta’lim maktablari, Prezident maktabi, 20 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, jismoniy tarbiya va sog‘lomlashtirish markazlari, 2 texnikum va 2 ta oliy o‘quv yurti mavjud. Navoiy shahrining dunyodagi eng rivojlangan AQSH, Turkiya, Rossiya, Xitoy davlatlari, Boltiqbo‘yi respublikalari hamda Markaziy Osiyodagi bir qancha yirik sanoat shaharlari bilan birodarlashganligi va o‘zaro ishonchli shartnomaviy xalqaro aloqalari tufayli iqtisodiy sohalardagi eksport-import salohiyati yuksalmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy shahrida sektor rahbarlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, shaharning 1-sektori hududidagi mahallalarda 43 ming 274 nafar aholi yashaydi. 6 ta maktab, 18 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1 ta tibbiyot birlashmasi hamda 2 ta oilaviy poliklinika aholi xizmatida. Mahallalar aholisining muammolari turli tashkilotlar rahbarlari tomonidan o‘tkazilayotgan sayyor qabullar davomida ijobiy hal etilmoqda. Shu bilan birga aholining kam ta’minlangan toifasini qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda.
Jumladan, “Ayollar daftari”ning 3-toifadagi boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlarning 259 nafari, 4-toifadagi ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning 98 nafari, 6-toifadagi qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlarning 99 nafariga 1 million 200 ming so‘mdan “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moddiy yordam berildi.
Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimlari mahalladagi hokim yordamchilari bilan hamkorlikda 104 nafar “Ayollar daftari” ning ishsizlar toifasida ro‘yxatda turgan xotin-qizlar bilan doimiy ravishda suhbatlar o‘tkazib, ularni mavsumiy va doimiy ishlarga band qilib kelmoqda. O‘z tadbirkorligini boshlagan va o‘zini o‘zi band qilgan ayollar soliq reyestridan o‘tkazilib, ularga o‘zini o‘zi band qilganligi to‘g‘risida guvohnomalar berilmoqda. Sektor hududida yashovchi 6 nafar fuqaroga ijtimoiy ko‘mak sifatida nogironlik aravachalari, qo‘ltiq tayoq va hassalar yetkazib berildi. 1-sektor hududidagi mahallalarda yashovchi “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 61 nafar yoshga 340 million 100 ming so‘m, shundan, 3 nafar yoshga jami 20 million 439 ming so‘m oliy ta’lim shartnoma to‘lovlari, 37 nafar yoshga 216 million 800 ming so‘mlik subsidiya asosida asbob-uskuna, 17 nafar yoshga 96 million 900 ming so‘mlik harbiy safarbarlik shartnoma to‘lovlari, 5 nafar yoshga 6 million so‘m bir martalik moddiy yordam mablag‘lari, 1 nafar yoshga 6 million 600 ming so‘m ijara to‘lovi to‘lab berildi.
Bu kabi ishlar shaharning 2-, 3-, 4-sektorlarida ham samarali olib borilmoqda. Shuningdek, mahalliy banklar va hokim yordamchilari, mahalla yetakchilari bilan hamkorlikda issiqxona qurmoqchi bo‘lgan fuqarolar va yoshlar aniqlanib, ularga imtiyozli kredit ajratilmoqda. Shuningdek, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish ichki imkoniyatlari, ixtisoslashuvi va mehnat resurslarini inobatga olgan holda 9 ta soha mahallalarining “o‘sish nuqtasi” sifatida belgilandi. Shundan kelib chiqqan holda 893 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishi natijasida 34 ta oilani tikuvchilik yo‘nalishiga, 4 ta oilani esa issiqxona yo‘nalishiga biriktirish orqali 40 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi “2022-2026 yillarda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tizimli ravishda ishlar amalga oshirilmoqda. Aholining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha respublika byudjetining jami 546 million so‘m mablag‘lari hisobidan 2,1 kilometr ichimlik suv tizimini ta’mirlash, shundan, “Yangiobod” mahallasi hududida 500 metr uzunlikdagi ichimlik suv tizimini 130 million so‘mga ta’mirlash hamda “Zarafshon” mahallasidagi 1,6 kilometr uzunlikdagi ichimlik suv tizimini 416 million so‘mga ta’mirlash ishlari bajarilishi rejalashtirilgan. Aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Inson qadri ulug‘lanayotgan bir paytda mahallalardan boshlangan bunyodkorlik sa’y-harakatlari shahrimizda bo‘y ko‘rsatib, sanoat ishlab chiqarishi, biznes, tadbirkorlik, ta’lim, tibbiyot, sport va ijod, hunarmandchilik va boshqa sohalarda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yangi O‘zbekiston orzusi, bugungi kunlarimizga nisbatan aytganda, hozirgi davrning taqozosi, uning asl qiyofasini, harakatlantiruvchi kuchlari va omillarini belgilaydigan g‘oyaviy-ma’naviy asos, xalqimizga xos yaratuvchanlik shijoati va keng ko‘lamli islohotlarimizning yaqqol ifodasidir”. Bugun har bir navoiylik “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oya ostida mustaqillik bayramini katta muvaffaqiyatlar bilan, ko‘tarinki kayfiyatda kutib olish uchun mehnat qilmoqda.
Murodxon Egamqulov,
Navoiy shahri hokimi.
O‘zA