Istiqlol ochgan baraka eshigi
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi bilan eksport qilinayotgan ekologik toza, sifatli, xushta’m, eng asosiysi foydali va to‘yimli mahsulotlar dunyoda brend darajasiga ko‘tarilib, xaridorlar e’tiborini tortmoqda.
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi bilan eksport qilinayotgan ekologik toza, sifatli, xushta’m, eng asosiysi foydali va to‘yimli mahsulotlar dunyoda brend darajasiga ko‘tarilib, xaridorlar e’tiborini tortmoqda.Poytaxtimizda joriy yilda o‘tkazilgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida bunga qayta-qayta guvoh bo‘ldik. Yarmarka hayajonli voqealarga boy bo‘lib, “O‘zekspomarkaz” pavilyonlarida yurtimizning so‘lim bog‘lari, serfayz polizlari ifori kezib yurdi. Bu mehmonlar kayfiyatida ham yaqqol aks etdi. Natijada 1421 ming tonna mahsulotni eksportga chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati bir milliard to‘qqiz million dollarlik shartnoma tuzildi.
Bundan 25-yil muqaddam asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini import hisobidan qoplagan O‘zbekiston endilikda aholining kundalik iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabini yurtimizda yetishtirilgan mahsulotlar hisobidan ta’minlab, eksport hajmini ham oshirish imkoniga ega bo‘ldi. Ayni vaqtda mamlakatimiz o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq va boshqa ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga chiqarish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘nta davlatdan biriga aylandi.
Endilikda mahsulotlarimiz yilning istalgan vaqtida xorijiy mamlakatlarga jo‘natilmoqda. Jahonning 80 mamlakatiga xususan, Norvegiya, Vetnam, Rossiya, Germaniya, Xitoy, Tailand, Braziliya, Kipr, Makedoniya, AQSh, Lotin Amerikasi davlatlariga 180 turdan ortiq sarxil meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar yetkazib berilmoqda.
Bunda iqtisodiyotni isloh qilish va erkinlashtirish borasidagi yangilanishlar, uning soha va tarmoqlarini tarkibiy jihatdan o‘zgartirishga qaratilgan e’tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 14-dekabrdagi nutqida bu masalaga alohida e’tibor qaratib, “...Tarmoqlar va hududlarni modernizatsiya qilish, ularning raqobatdoshlik darajasini oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim”, deb ta’kidladi.
2030-yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini 2 barobardan ziyod ko‘paytirishga, qishloq xo‘jaligini isloh qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda agrosanoat kompleksi va uning lokomotivi, ya’ni harakatga keltiruvchi kuchi bo‘lgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini izchil rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
– Tumanimizda besh yuzdan ziyod fermer xo‘jaligi faoliyat yuritadi, – deydi Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani fermerlar kengashi raisi Shavkat Muxtorov. – Ularning har biri o‘z mahsulotini eksport qilishga intilmoqda. Yaqinda «Gulhayo-Mahliyo» fermer xo‘jaligi Gruziyaga 105 ming dona tut va 3 ming tup mevali daraxt ko‘chatini eksport qildi. Yigirmaga yaqin mulkdorlarimiz 2017-yilda meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish borasida Rossiya, Qozog‘iston, Gruziyadagi hamkorlari bilan shartnoma tuzgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyovning 2016-yil 19-sentabrdagi «Meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksport qilishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining majburiy sotuvi stavkasi 25 foizni tashkil etishi belgilanib, eksport bilan shug‘ullanuvchilar uchun yana bir qulaylik yaratildi.
Unda yangi, quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksportga yetkazib berish yuklab jo‘natiladigan mahsulot qiymatining kamida 30 foizini oldindan to‘lash shartlarida amalga oshirilishi, qolgan qismi uchun tasdiqlangan bank akkreditivi ochilishi yoxud birinchi klassli xorijiy bank kafolati rasmiylashtirilishi ham ko‘rsatilgan.
Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “JAF” fermer xo‘jaligi uzumchilikka ixtisoslashgan. Uning rahbari Asatilla Jo‘rayevning ta’kidlashicha, 80 gektar maydonda parvarishlangan uzumning oq va qora kishmish navlaridan yig‘ilgan hosilning katta qismi quritilib, o‘rtacha 4-5 tonna mayiz tayyorlanadi. Hozirgacha sohibkorlar Rossiyaga 40 tonna uzum, Birlashgan Arab Amirliklariga 136 ming 700 dollarlik, Xitoyga 160 ming dollarlik mayiz yetkazib berdi.
– Eksport fermerga yaxshi daromad keltiradi, – deydi Andijon viloyati qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Abdumutal Sulaymonov. – Hisobraqamda ko‘paygan mablag‘ xo‘jaliklar faoliyati yanada rivojlanishi, zamonaviy texnika va texnologiyalar xarid qilib, yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlaydi. Ana shuni dildan his etgan mulk egalari jahon standartlariga mos, ekologik toza – organik mahsulotlar tayyorlashga va uni joylarga sifatli tarzda yetkazib berishga harakat qilmoqda. Masalan, hozir viloyatimizda 20 ming gektar maydonga oraliq ekin sifatida sabzavot va ko‘katlar ekildi. Chunki o‘ndan ortiq davlatga kelgusi yil hosilidan 500 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarimiz mavjud. Ularning asosiy qismini limon, sabzavot va ko‘katlar tashkil etadi.
Bugungi kunda meva-sabzavotchilik va polizchilik agrar sohaning eng serdaromad tarmoqlaridan biriga aylandi. Har yili 18 million tonnadan ziyod tabiiy, ekologik toza noz-ne’matlar yetishtirilib, ularning salmoqli qismi eksport qilinmoqda. Buni dalaning o‘zidanoq eksportga jo‘natilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining kundan-kunga ortib borayotgani ham ifodalab turibdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida joriy yilning o‘tgan davrida 457 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari horijga yetkazib berilgani buning yorqin isbotidir.
– O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik tarmog‘i, oziq-ovqat sanoati rivojlanib borayotgani bizda qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi Janubiy Koreyaning «Myung Seong International» kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jung Xyu Von. – Yurtingizga kelib, tabiiy va ekologik toza mahsulot tayyorlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilanganiga guvoh bo‘ldik. Bizda ham bunday mahsulotlarga talab juda yuqori. Eng zamonaviy texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ham tatib ko‘rdik. Mazasi, sifati juda manzur bo‘ldi. Ekologik toza, jahon standartlariga to‘la javob beradigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldik.
Ha, mamlakatimiz agrosanoatida intensiv texnologiyalar muntazam joriy qilinib, yildan-yilga sifatli va mo‘l hosil yetishtirish ko‘paymoqda. Natijada aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilib, eksport geografiyasi ham tobora kengaymoqda.