Istiqbolli loyihalar muhokama qilindi
Samarqand shahrida Global ekologik jamg‘armasining (GEF) 8-assambleyasi doirasida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) vakillari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi delegatsiyasi o‘rtasida istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari V.Jollibekov boshchiligidagi delegatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari J.Kazbekov, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) Yer va suv resurslari bo‘limi direktori Li Lifen, FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sh.Umarov o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda asosiy e’tibor Orol dengiziga kollektor-drenaj suvlarini yo‘naltirish va hududda suv resurslarini barqaror boshqarish loyihasiga qaratilib, ushbu tashabbus yuzasidan batafsil muzokaralar olib borildi.
Uchrashuv davomida ushbu istiqbolli loyiha doirasidagi kelgusi amaliy qadamlar va hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Xususan, loyihaning moliyaviy va texnik mexanizmlarini yanada aniqlashtirish maqsadida Yashil iqlim jamg‘armasi (GCF), FAO tashkiloti hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi vakillari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv tashkil etish hamda muhokamalarni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.