Iste’molga yaroqsiz mahsulotlardan ehtiyot bo‘ling
Bugungi kunda yurtimiz dehqon bozorlarida mo‘l-ko‘lchilik, mahsulotlar to‘kin-sochinligini ko‘ramiz.
Pishiqchilik davrida bevosita daladan olib kelinayotgan mahsulotlarning eng sarasini tanlab olganga nima yetsin. Bularning barchasi aholi farovonligini yanada ziyoda bo‘lishiga xizmat qiladi. Xo‘sh, bugun bozorlarda xaridor va sotuvchilar uchun birday qulaylik yaratilganmi? Karantin va sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilinyaptimi?
Buxoro viloyatidagi bozorlarda tegishli mas’ul idoralar hamkorligida o‘tkazilgan maxsus sanitariya tadbirlarida shu savollarga javob izlandi. Maqsad sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishini ta’minlash, tegishli veterinariya hujjatlarisiz go‘sht, sut va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari savdosining oldini olish hisoblanadi.

Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan bozorlarda o‘tkazilgan karantin tadbirlari davomida aniqlangan kamchiliklar tahlil qilindi.
Bugungi kunda viloyatda 24 bozor faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Buxoro shahrida uchta, Kogon shahrida, Olot, Qorako‘l, Jondor, Romitan, Peshku, Vobkent, Shofirkon, G‘ijduvon, Qorovulbozor va Buxoro tumanlarida bittadan dehqon bozorlari, Olot, Qorako‘l, Jondor, Romitan, Peshku, Vobkent, Shofirkon, G‘ijduvon, Kogon va Buxoro tumanlarida bittadan hayvon (mol) bozorlari mavjud.

Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari hamda veterinariya xodimlari bilan hamkorlikda joriy yilning o‘tgan davrida dehqon bozorlarida 510 marta, hayvon (mol) bozorlarida 34 marta, boshqa savdo ob’ektlari va yarmarkalarda 159 marta profilaktik va nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
O‘rganishlar davomida veterinariya, sanitariya-gigiyena qoidalari va normalarini buzgan fuqarolar aniqlangan. Ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Olib borilgan tadbirlar davomida jami 5365 kilo iste’molga yaroqsiz go‘sht, 2599 kilo sut va sut mahsulotlari, 1908 kilo baliq, 3112 kilo tuzlamalar, 4647 kilo noma’lum sharoitda tayyorlangan oziq-ovqat hamda 2403 dona tuxum kabi mahsulotlarning iste’molga yaroqsiz ekanligi aniqlangan va savdodan olib qo‘yilgan. Tegishli tartibda yo‘q qilish choralari ko‘rilgan.

Karantin va sanitariya qoidalarini targ‘ib qilish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar, savdo xodimlari bilan uchrashuv va davra suhbatlari o‘tkazilgan. Biroq, olib borilayotgan sanitariya-profilaktik tadbirlar va tushuntirish ishlariga qaramasdan joylardagi dehqon bozorlarining sanitariya ahvoli, sotuvchilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini turli joy va sharoitlarda savdo qilish, sotuvchi va xaridorlarga sharoitlar yaratib berish o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi aniqlangan.
Shuningdek, shahar-tumanlarda qassoblar tomonidan uy sharoitida turli xil kasalliklarga chalingan hayvonlarni yashirin ravishda so‘yib, go‘shtini aholi iste’moli uchun sotishga bo‘lgan urinishlar bo‘layotgani achinarli holat.

Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro shahar Qizilqum ko‘chasida yashovchi fuqaro S.B. ismli shaxs yashash manzilida qo‘lbola usulda yasalgan muzlatgich ichida jami 543 kilo kelib chiqishi hayvonotga mansub go‘sht mahsulotini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan. Uning iste’molga yaroqli ekanligini aniqlash maqsadida laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganda ushbu go‘sht mahsuloti iste’molga yaroqsiz ekanligi aniqlangan. Natijada “Slaster Emir parranda”ga qarashli veterinariya sanitariya chiqindi zavodiga topshirilgan.
Shuningdek, joriy yilning 27 may kuni Qorako‘l tumani “Darg‘ali” mahallasida yashovchi fuqaro T.A. ga tegishli bo‘lgan muzlatgich ichidan jami 153 kilo kelib chiqishi noma’lum hayvonotga mansub go‘sht laboratoriya xulosasi chiqqanga qadar Qorako‘l tumanidagi “Shofirkon Gavhari” MCHJga tegishli bo‘lgan muzlatgichga joylashtirilgan. Tekshiruvlar olib borilganda laboratoriyaning 2023 yil 1 iyun kunidagi xulosasiga ko‘ra, ushbu go‘sht mahsuloti ham iste’molga yaroqsiz ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, joriy yilning 22 may kunidan 3 iyun kuniga qadar Buxoro viloyati IIB xodimlari tomonidan viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan dehqon bozorlarining sanitariya holati o‘rganilib qator kamchiliklar aniqlangan va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan shahar-tumanlar hokimlariga taqdimnomalar kiritilgan.
Zarif Komilov, O‘zA