Iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda
FOTOREPORTAJ
Aholidan kelib tushayotgan murojaatlar asosida hududlarda elektr ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan keng ko‘lamli amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda Buxoro viloyatida elektr energetikasi tizimini modernizatsiya qilish, mavjud tarmoqlarni yangilash hamda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu esa aholi uchun yanada qulay turmush sharoitlari yaratish, hududlarning energetik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
[gallery-29985]
Jumladan, G‘ijduvon tumanidagi “Taxtaxon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga qarashli Raboti Eshon qishlog‘ida xizmat muddati o‘tagan va texnik holati talablarga javob bermaydigan simyog‘ochlar o‘rniga 20 ta temir-beton tayanch o‘rnatildi. Shuningdek, mazkur hududda qariyb 3 ming metr elektr uzatish tarmog‘ini yangilash hamda bir dona transformator punkti quvvatini oshirish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, ular bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda Vobkent tumanidagi “Latifsobungar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ham eskirgan simyog‘ochlarni zamonaviy temir-beton tayanchlarga almashtirish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun hududga 33 ta yangi tayanch yetkazib berilgan bo‘lib, qurilish-montaj ishlariga maxsus texnika vositalari va malakali mutaxassislar jalb etilgan.
Ta’kidlash joizki, elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilishga qaratilgan bunday ishlar elektr uzatish tizimlarining ishonchliligini oshirish, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda iste’molchilarni barqaror va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Eng muhimi, amalga oshirilayotgan loyihalar natijasida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va tadbirkorlik sub’ektlarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji yanada sifatli qondirilmoqda. Bu esa fuqarolarning turmush darajasini yuksaltirish, zamonaviy qulayliklarni kengaytirish hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA