Iste’molchilar ko‘proq nimadan norozi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi axborot xizmati rahbari Mohruxsor Tog‘ayeva tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning o‘tgan davrida 2 milliondan oshiq iste’molchining huquq va manfaati buzilgan. Iste’molchilarga yetkazilgan zarar miqdori 40 milliard so‘mni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga shu vaqtga qadar iste’molchilardan 12 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 40 foizi uy-joy kommunal, qurilish va transport xizmatlariga to‘g‘ri kelsa, 38 foizi savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlari, 16 foizi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 6 foizi reklama munosabatlari va boshqa masalalarga to‘g‘ri keladi.
Agentlik mutaxassislari tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish va o‘rganish jarayonida 2 million 240 mingga yaqin iste’molchilarning huquq va manfaatlari buzilganligi aniqlandi. bugungi kunga qadar Agentlik sa’y-harakati bilan iste’molchilar foydasiga 24,5 milliarddan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilib berilgan. Qolgan mablag‘larni iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilish choralari ko‘rilmoqda.
Yaroqlilik muddati o‘tgan, ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan, muvofiqligini tasdiqlovchi xulosalarga ega bo‘lmagan sifatsiz va iste’molga yaroqsiz bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olganliklari haqida iste’molchilardan 1 ming 500 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi.
Agentlik tomonidan respublikadagi 9 mingga yaqin chakana savdo do‘konlarida turli xil oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlari va xaridorlarga sotish jarayonida xavfsizlik talablariga rioya etilishi o‘rganildi.
Natijada 1 ming 50 ga yaqin holatda quyosh tig‘ida saqlash, maxsus jihozlanmagan rastalarida go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut va sut mahsulotlari sotilayotgani, tuxum mahsulotlarining quyosh tig‘ida sotilayotgani kabi chakana savdo qoidalari talablari buzilganligi aniqlangan.
Achinarlisi, jazirama issiqda savdo do‘konlarida muzlatgichlar yetishmasligi sababli oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash shartlariga rioya etilmagani ularning tarkibi tez buzilishiga va sifatsiz holda iste’molchilarga realizatsiya qilinishga, iste’molchilarning sog‘ligiga zarar keltiradi.
Shuningdek, respublikadagi 192 ta dehqon bozorlarida o‘rganish jarayonida 51 ming savdo rastalardan, 1 ming 474 tasida, ya’ni 2,8 foizi tarozilar metrologik tekshiruvdan o‘tkazilgan. Qolgan 49 ming 500 dan ortiq rastalarda tarozilarning sertifikatlari mavjud emasligi aniqlandi.
bugungi kunda savdo yo‘nalishidagi dolzarb muammolardan biri, elektron onlayn xaridlardir. 2022 yil o‘tgan davr mobaynida agentlikka elektron savdo bo‘yicha 392 ta murojaatlar kelib tushgan.
Ta’kidlash lozimki, 2022 yil o‘zgartirish kiritilgan «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda sotuvchi va iste’molchilarning majburiyatlari, shartnomani bekor qilish shartlarini oldindan ko‘rsatib o‘tilishi, tovarlarni but yetkazib berishga sotuvchi mas’ul ekanligi, sotuvchining shikoyatlarni qabul qilish manzilini ko‘rsatilishi, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) asosiy iste’mol xususiyatlari va o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berish shartligi, to‘lovni amalga oshirish va uni qaytarish shartlari aniq belgilab berildi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, agar iste’molchilar, iste’molchilik huquqlari va manfaatlari buzilsa, agentlikka 1159 qisqa raqami hamda sonsumer.uz veb-sayti orqali murojaat qilishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA