Iste’molchilar jamiyatidan xayrli tashabbus
Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” ezgu tamoyili bugungi kunda barcha jabhalarda o‘zining amaliy va hayotiy ifodasini topmoqda. Bu boradagi izchil jarayonlarda davlat idoralari bilan bir qatorda jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari ham faol ishtirok etayotgani e’tiborga molik.
Jumladan, O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan 15 mart – “Xalqaro iste’molchilar huquqlari kuni” munosabati bilan “Insonga e’tibor – oila va jamiyat rivoji poydevori” xayriya aksiyasi e’lon qilindi.

Mazkur aksiya doirasida Namangan viloyatining tuman va shaharlarida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj 15 oilaning kommunal to‘lovlari bo‘yicha mavjud 4 million 500 ming so‘m qarzdorliklari to‘lab berildi. Shuningdek, barcha ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi. Loyiha doirasida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Namangan viloyati hududiy birlashmasi mas’ullari tomonidan Chust tumanidagi Serob mahallasi “Istiqlol” ko‘chasi, 7-uyda istiqomat qilayotgan boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayol R. B. ning elektr energiyasidan yuzaga kelgan 300 ming so‘m qarzdorligi to‘lab berilib, ushbu ehtiyojmand oilaga 400 ming so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xayriya qilindi.

Bu boradagi savobli yumushlar jamiyatning shahar va tumanlar bo‘limlari xodimlari tomonidan ham davom ettirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA