Iste’molchiga 27 million so‘m undirib berildi
Namangan viloyati Chortoq tumanida yashovchi fuqaro “S.R” O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Chortoq tuman ijro etuvchi apparatiga murojaat qildi.
Murojaatda fuqaro “S.R” Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan zotli quyonlar sotib olish uchun 27 million so‘mlik kredit olgan edi. Fuqaro zotli quyonlar sotib olish uchun “Halol go‘sht eksport” MCHJ bilan 2021 yil 16 aprelda shartnoma imzolangan, lekin shu kunga qadar ta’minotchi korxona tomonidan zotli quyonlar yetkazilib berilmaganligi to‘g‘risida norozi bo‘lib ariza bilan murojaat qilgan.
Ushbu murojaat Chortoq tuman ijro etuvchi apparati tomonidan o‘rganilib, javobgar “Halol go‘sht eksport” MCHJ rahbariyatiga murojaat to‘g‘risida xabarnoma yuborilgan. Biroq javobgar korxonasi rahbariyati tomonidan hech qanday javob olinmagani sababli jamiyat Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudiga fuqaro manfatini ko‘zlab da’vo arizasini kiritdi.
Natijada mazkur ish Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudi tomonidan 2022 yil 20 aprel kuni ko‘rib chiqilib, fuqaro “S.R” ga nisbatan javobgar “Halol go‘sht eksport” MCHJ rahbariyati tomonidan keltirilgan zarar 27 million so‘m undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarildi.
O‘zA