Iste’molchi huquqlari kuchaytirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasini konseptual asoslash maqsadida ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Sharipovning ta’kidlashicha, mazkur hujjat bilan iste’molchi huquqlarining ustuvorligi, iste’molchiga tovar (ish, xizmat), savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilishi (kelishuvga ko‘ra, boshqa tillarda ham) belgilanmoqda.
Shu bilan birga, sotuvchiga bir turdagi tovarlar uchun haq to‘lash shakliga qarab har xil narx belgilash taqiqlanmoqda, iste’molchiga nuqsonli va talabga javob bermaydigan tovar sotilganligini aniqlash bilan bog‘liq xarajatlar sotuvchi tomonidan qoplanishi tartibi joriy etilmoqda.
[gallery-1168]
Yuridik shaxs bo‘lgan ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning iste’molchiga maqbul sifatli yoki nuqsonli tovarni almashtirib berish va tovar nuqsonlarini bepul bartaraf etish tartibini buzish, iste’molchini qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistash, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olish, shuningdek, shartnomaga iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablarni kiritish, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni realizatsiya qilish, normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar, qalbakilashtirilgan oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish, olib kirish va realizatsiya qilish kabi huqubuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilmoqda.
Loyihada tovarlarni masofadan turib va axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilishda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish mexanizmlari ham joriy etilmoqda.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qilish, agentlikning nazorat xaridi, tovarlar tekshiruvi va ekspertizasini tashkil qilishi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha sudda ishtirok etish kabi vakolatlari mustahkamlanmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi iste’molchilar huquqlari buzilishining oldini olishga, sotuvchining iste’molchi oldidagi mas’uliyati va javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA