Iste’molchi energetika tizimiga zarar keltirdi
Toshkent shahar Mirobod tumanidagi “Oltinko‘l” mahallasida yashovchi fuqaro A.F.ga tegishli poliz mahsulotlarini qadoqlash sexida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingan.
Bu holat Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Toshkent shahar prokuraturasi va “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi tomonidan gazlashtirish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilmasdan gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu holat tufayli tizimga jami 824 million 417 ming 510,4 so‘m (1 mln. 249 ming 117,44 kub metr) miqdorida zarar yetkazilgan.
Mutaxassislarning tahliliga ko‘ra, ushbu hajmdagi tabiiy gaz bugungi kunda 6 mingdan ziyod xonadonning bir oylik iste’moli hisoblanadi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim etilganini xabar qildi, “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA