Iste’dodli sportchi yoshlar Kelesda saralanmoqda
Bugun, 11 noyabr kuni Toshkent tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabida ayollar kurashi bo‘yicha 2003 yilda tug‘ilgan va undan katta yoshdagi sportchilar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bahslari boshlandi.
Mamlakatimizning barcha hududlaridan jamoalar qatnashayotgan mazkur chempionatda sportchi qizlar 10 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, ertaga ham davom etadigan musobaqalardan keyin ushbu maskanda 2005-2006 yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida erkin va yunon-rum kurashlari bo‘yicha mamlakat chempionatiga start beriladi. Unda yosh sportchilar 30 ta vazn toifasida bellashadi. 16 noyabrga qadar davom etadigan musobaqalarni boshqarib borish uchun erkin va yunon-rum kurashlari bo‘yicha 30 nafardan ziyod hakamlar jalb etilgan.
Chempionat yakunlariga ko‘ra, sport kurashlarining har ikki yo‘nalishi bo‘yicha ushbu yosh toifasidagi O‘zbekiston terma jamoasi tarkibi shakllantiriladi.
Mutaxassislarning e’tirof etishicha, Keles shaharchasidagi bahslar yosh iqtidor egalarini saralash bilan birga, chempionat bellashuvlarini nazorat qilib boradigan hakamlarning tajribasini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA