Issiqxona xo‘jaliklari uchun imtiyozlar: xarajatlar kamayadi, samaradorlik oshadi
Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, yil davomida bozorni yangi mahsulotlar bilan ta’minlash va tadbirkorlar daromadini ko‘paytirishda issiqxona xo‘jaliklarining o‘rni katta. Biroq bunday xo‘jalikni yuritish, ayniqsa, sovuq mavsumda, katta xarajat talab qiladi.
Isitish tizimlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi, uskunalarni saqlash va ishlab chiqarish xarajatlari tadbirkorning daromadiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois sohada barqaror faoliyat yuritish uchun faqat mahsulot yetishtirishning o‘zi kifoya qilmaydi – xarajatlarni kamaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish ham zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-oktabrdagi “Ilg‘or “yashil” texnologiyalar asosida issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va aholi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ayni ehtiyojlardan kelib chiqib, issiqxonachilikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni belgilab berdi.
Hujjatda soliq yengilliklari, energiya xarajatlarining bir qismini qoplash, zamonaviy isitish uskunalarini xarid qilish uchun subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratish kabi mexanizmlar nazarda tutilgan. Muhimi, bu choralar tadbirkorlarning bugungi xarajatlarini yengillashtirish bilan birga, kelgusida energiya tejamkor va iqtisodiy jihatdan samarali xo‘jaliklarni shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Qarorga muvofiq, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi nol foiz etib belgilandi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari va baliq xo‘jaligi korxonalarining o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni realizatsiya qilishdan olgan foydasiga ham nol foizlik foyda solig‘i stavkasi qo‘llaniladi. Bu choralar ishlab chiqaruvchilarning soliq yukini kamaytirish, moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish va xo‘jalik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, issiqxona faoliyatidan olgan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan issiqxona xo‘jaliklari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvargacha 1 foiz etib belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha issiqxona faoliyatidan daromadining kamida 60 foizini tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulkka solinadigan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelgacha issiqlik energiyasini tejovchi maxsus qoplanma “ko‘rpa” bilan qoplangan va (yoki) energiya samarador “yashil” isitish vositalaridan foydalanayotgan issiqxona xo‘jaliklariga oktabr–mart oylarida iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Umuman olganda, mazkur qarorning bosh maqsadi, issiqxona xo‘jaligida iqtisodiy manfaatdorlik va energiya samaradorligini uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Ishlab chiqarish xarajatlarining optimallashishi, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi hamda tomorqa yerlaridan unumli foydalanish oilalar daromadini oshirish, shuningdek, agrar tarmoq salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, issiqxonachilarga ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magining pirovard natijasi, yetishtirilgan mahsulot hajmi, uning tannarxi pasayishi va xo‘jalikning barqaror daromadliligida o‘z aksini topishi lozim.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA