Issiqlik ta’minotida muammolar bo‘lmaydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan brifingda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot kotibi Alipasha Ahmedov quyidagilarni ma’lum qildi:
–Aholi hamda ijtimoiy soha ob’ektlari uchun qulay shart-sharoit yaratishda, ayniqsa, qish kunlarida issiqlik energiyasi va issiq suv ta’minoti bo‘yicha uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish eng muhim omillardan biri sanaladi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, vazirlik tizimidagi isiqlik ta’minoti korxonalari barcha iste’molchilarni, xususan, ko‘p kvartirali uylarni va ijtimoiy soha ob’ektlarini issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash borasida kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan holda ishlarni tashkillashtirgan.
Bu yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari Respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishi natijasida hududlarda e’lon qilingan karantin sharoitida amalga oshirilganligiga qaramay mavjud qozonxonalarni va issiqlik energiyasini uzatish tarmoqlarini mavsumga tayyorlash bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar o‘z vaqtida bajarilishi uchun tegishli choralar ko‘rildi.
Jumladan, issiqlik ta’minoti ob’ektlarini 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida respublikamiz hududlaridagi jami 3 212 ta ko‘p kvartirali uyni mukammal va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 50 ta markaziy va 87 ta lokal qozonxona, 852 ta qozon, 990,3 km issiqlik tarmog‘i hamda 472 dona nasos uskunasi mukammal va joriy ta’mirlandi.
Issiqlik energiyasining yo‘qotishlarini kamaytirish uchun 100 kilometrdan ortiq issiqlik tarmoqlari qayta izolyatsiya qilindi.
Bundan tashqari, issiqlik tarmoqlarida mavsumga tayyorgarlik bo‘yicha reglament ishlari doirasida o‘tkaziladigan yuqori temperaturada va yuqori bosim ostida sinash ishlari, o‘tgan yilga qaraganda talab etiladigan parametrlar asosida amalga oshirildi.
Xususan, yuqori bosim ostida issiqlik tarmoqlarini sinash ishlari 2019 yilda o‘rtacha 8 - 9,5 atmosfera bosimida o‘tkazilgan bo‘lsa, 2020 yilda 16 atmosferagacha bosim ko‘tarilishiga erishildi.
Issiqlik tarmoqlarini yuqori harorat ostida sinash ishlari 2019 yilda 900S gacha ko‘tarilgan bo‘lsa, 2020 yilda xaroratni 1000S gacha ko‘tarishga erishildi.
Natijada issiqlik ta’minoti tizimida 500 ga yaqin nosozlik aniqlanib, bartaraf etildi. Amalga oshirilgan shu kabi ishlar natijasida isitish mavsumi davomida yuzaga kelishi ehtimoli bo‘lgan avariya holatlari ancha kamayishiga erishildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA