Isroilliklarning yarmidan ko‘pi chet elda fuqaroligini oshkor qilishda ehtiyotkorlik qilyapti
“The Jerusalem Post” gazetasi Yahudiylar ta’siri markazi tomonidan avgust oyida o‘tkazilgan so‘rov natijasiga tayanib yozishicha, isroilliklarning yarmidan ko‘pi 2023-yil 7-oktabrdan keyin chet elga sayohat qilganda fuqaroligini oshkor qilishdan ehtiyot bo‘lyapti.
Tadqiqotga ko‘ra, so‘rovda qatnashganlarning 52 foizi chet elda fuqaroligini oshkor qilishdan biroz ehtiyot bo‘lgan, 41 foizi 7-oktabrdan keyin sayohat hatti-harakatini o‘zgartirgan, jumladan yo‘nalish tanlash, sayohatni bekor qilish yoki muayyan faoliyatdan qochish haqida xabar bergan.
Bu xavotir antisemitizm, Isroilga qarshi kayfiyat kuchayishi, bir necha mamlakat bilan munosabat yomonlashishi tufayli kelib chiqqan.
Bu galgi so‘rov Isroil jamoatchilik diplomatiyasi samaradorligiga bog‘liq jiddiy xavotirni ham ochib berdi. Respondentlarning 64 foizi Isroil va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi strategik munosabatni yaxshi baholagan. So‘ralganlarning atigi 23 foizi Isroil o‘z siyosati va pozitsiyasini xalqaro auditoriyaga samarali yetkazadi, deb hisoblaydi. 70 foiz ishtirokchi Isroil jamoatchilik diplomatiyasini samarasiz deya baholagan.
S.Rahimov, O‘zA