Isroil - Livan sulhi e’lon qilindi, biroq unga amal qilinmayapti (+video)
AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil va Livan o‘rtasida 10 kunlik sulh kuchga kirishini aytdi, deb xabar berdi Euronews.
AQSH prezidentining ma’lum qilishicha, ikki davlat rahbarlari tinchlikka erishish uchun 10 kunlik o‘q otishni to‘xtatishga kelishib olgan.
Tramp AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens, davlat kotibi Marko Rubio va AQSH generali Den Keynga Isroil va Livan bilan birga ishlab, barqaror tinchlikka erishish vazifasini topshirganini bildirdi.
Keyinroq u Binyamin Netanyahu va Livan prezidenti Jozef Aunni Oq uyga taklif qilib, jiddiy muzokaralar o‘tkazishni rejalayotganini aytdi.
Shu orada Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu xavfsizlik idorasi a’zolari bilan shoshilinch telefon yig‘ilishi o‘tkazgan. Unda Livan bilan o‘qotishni to‘xtatish masalasi muhokama qilindi, deb xabar berdi Isroil matbuoti.
Biroq, oradan ko‘p vaqt o‘tmay DW nashri Isroil va Livan o‘rtasida sulh kuchga kirganiga qaramay, Isroil armiyasi hujumlarni davom ettirgani haqida xabar berdi. Unda Livan harbiylari 17-aprel kuni kuchga kirgan sulh bir necha bor buzilgani va sulhning ilk soatlarida ham Isroil armiyasi Livan shaharlarini o‘qqa tutganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytadigan bo‘lsak, mojaro AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushidan keyin yana avj olgan. Janglar Livan janubi, sharqiy hududlari va poytaxtgacha yetib borgan. Livan hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyidan beri janglar davomida 2000 dan ortiq odam halok bo‘lgan, taxminan 1 million kishi o‘z yurtida qochqinga aylangan. Ko‘pchilik, 10 kunlik sulhni urushni batamom tugatish uchun qo‘yilgan dastlabki qadam sifatida baholayotgan edi, afsuski umidlar puchga chiqmoqda...
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/O7rjVYht85k" title="Isroil - Livan sulhi e’lon qilindi, biroq unga amal qilinmayapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA