Isroil Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni qayta boshlamoqchi
Isroil siyosiy doiralarida Eronga qarshi harbiy harakatlarni tez fursatda qayta tiklash lozimligi haqidagi qarashlar kuchaymoqda, deb xabar tarqatdi “CNN” telekanali.
Ta’kidlanishicha, Tel-Aviv rasmiylari Tehronning hozirgi diplomatik tanaffusdan o‘z maqsadlari yo‘lida vaqt yutish uchun foydalanayotganidan jiddiy xavotirga tushmoqda. Shu sababli, Isroil rahbariyatining yuqori bo‘g‘inlarida Eronga nisbatan harbiy choralarni tezroq faollashtirish tarafdorlari ko‘paygan.
Xabarga ko‘ra, yaqinda AQSH prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti ancha keskin ruhda o‘tgan. Suhbat davomida Netanyaxu yuzaga kelgan siyosiy “tanaffus” faqatgina Tehron manfaatlariga xizmat qilayotganini urg‘ulagan.
Avvalroq, Tramp Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA vakillarining murojaatlarini inobatga olib, Eronga qarshi rejalashtirilgan harbiy amaliyotlarni vaqtinchalik to‘xtatib turishga qaror qilganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda Oq uy rahbari Tehron bilan muammolarni diplomatik muzokaralar yo‘li bilan hal etish imkoniyati hali ham mavjudligini bildirgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA