Ispaniyalik investorlar O‘zbekistonda 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
Mamlakatimizda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish va xalqaro mehmonxona brendlarini jalb etish borasida yangi hamkorlik loyihalari muhokama qilinmoqda.
Shu maqsadda Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Bobokalonov Ispaniyaning “Barceló Hotel Group” kompaniyasi bosh ijroiya direktori Raul Gonsales boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekistonda turizm sohasini jadal rivojlantirish, mehmonxona infratuzilmasini kengaytirish, xalqaro mehmonxona brendlarini mamlakatga jalb qilish hamda sohaga xorijiy investitsiyalarni yo‘naltirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ispaniyalik investorlarga O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, turistik zonalar va klasterlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, mehmonxona biznesini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumot berildi. Tomonlar o‘rtasidagi muloqotda “Barceló Hotel Group”ning O‘zbekiston bozoriga kirish va mamlakatda mehmonxona loyihalarini amalga oshirishga qiziqishi alohida qayd etildi. Xususan, kompaniya tomonidan O‘zbekistonda 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar tashkil etish, shuningdek, ularni kompaniya boshqaruviga olish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, mamlakatda faoliyat yuritayotgan turistik ob’ektlarni boshqaruvga olish, ularni zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish va xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda zamonaviy mehmonxona infratuzilmasini kengaytirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va xalqaro mehmonxona brendlari ishtirokini ko‘paytirishga xizmat qilishi mumkin. Ispaniyaning nufuzli mehmonxona operatorlaridan birining O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirishi mamlakatning turistik salohiyati va investitsiyaviy jozibadorligi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA