Ispaniyada teleferik halokatida 30 kishi jarohat oldi
Ispaniya shimolidagi Astun tog‘-chang‘i kurortida teleferik – osma dor yo‘lida yuz bergan avariya oqibatida kamida 30 kishi jabrlandi, deb yozdi “The Associated Press”.
Ma’lumotga ko‘ra, qurilma simlaridan biri uzilib ketib, bir necha kabina qulagan. Aragon avtonom viloyati hukumatining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha bosh direktori Migel Anxel Klavero mahalliy matbuotga shu haqda bayonot berdi.

Rasmiylar jarohatlanganlardan to‘qqiz nafarining ahvoli og‘irligini bildirdi. Majmua vaqtincha yopildi.
Qirollik Bosh vaziri Pedro Sanches ijtimoiy tarmoq orqali aziyat chekkanlarga hamdardlik bildirdi.

– Aragon avtonom viloyati yetakchisi Xorxe Azkon bilan gaplashdim, hukumatimiz nomidan jabrlanganlarga barcha zarur yordam yetkazildi, – degan hukumat rahbari. – Biz qurbonlar va ularning oila a’zolari bilan qalban birgamiz.