Ispaniyada ishsizlik so‘nggi 18 yildagi eng past darajaga tushdi
Ispaniyada ishsizlik darajasi joriy yilning ikkinchi choragida 9,87 foizga tushdi. Bu mamlakat uchun 2008-yildan buyongi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Shu bilan birga, mehnat bozorida yana bir muhim natija qayd etildi. Ish bilan band aholi soni 22,8 million nafarga yetib, tarixdagi eng yuqori darajaga chiqdi.
Aprel-iyun oylari davomida mamlakat bo‘ylab 486 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Buning hisobiga ishsizlar soni 213,3 ming nafarga kamaydi. Yangi ish o‘rinlarining katta qismi xizmat ko‘rsatish sohasi hissasiga to‘g‘ri keldi. Mutaxassislar bu o‘sishni yozgi sayyohlik mavsumi faollashgani bilan izohlamoqda.
Hududlar kesimida eng katta o‘sish Kataloniyada kuzatildi. Balear orollari esa o‘sish sur’ati bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Qurilish va sanoat tarmoqlarida ham ijobiy natijalar qayd etildi. Faqat qishloq xo‘jaligi sohasida ish bilan band shaxslar soni qisqargan.
Hozirgi natijalar hukumatning 2026-yil oxirigacha 23 million nafar aholini ish bilan ta’minlash rejasiga ancha yaqinlashdi. Belgilangan maqsadga yetish uchun endi taxminan 221 mingta ish o‘rni yaratilishi qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA