Ispaniya kubogi: “qirollik klubi” “Barselona” tomonidan tor-mor etildi
Kecha tunda Madriddagi “Santyago Bernabuye” stadionida navbatdagi El-klasiko boʻlib oʻtdi.
Kecha tunda Madriddagi “Santyago Bernabuye” stadionida navbatdagi El-klasiko boʻlib oʻtdi. Bu safar azaliy va ashaddiy raqiblar Copa del Rey, yaʼni Ispaniya kubogi doirasida oʻzaro toʻqnash keldi.
“Nou Kamp” stadionida oʻtgan yarim finalning dastlabki uchrashuvida 1-1 hisobi qayd etilgandi. Oʻz maydonida gʻalaba qozonib, finalga chiqishni qattiq istagan “qirollik klubi” aʼzolari ilk daqiqalardan hujumga tashlanishdi. Ular nafaqat toʻp, balki maydon nazoratini ham qoʻlga olishdi. Biroq, Solari shogirdlarining bosimi uzoqqa choʻzilmadi. Asta-sekin oʻyin tempini tushirgan mehmonlar ikkinchi boʻlimda raqibni munosib jazoladi.
Avvaliga 50-daqiqada “Barsa”ning hujumdagi yetakchisi Luis Suares hisobda ochdi. Ushbu vaziyatda unga toʻpni Usmon Dembele ideal tarzda yetkazib berganligini ham alohida taʼkidlash joiz. Keyinroq Dembelening oʻng qanotdan jarima maydoni markaziga uzatgan toʻpini Rafael Varan bexosdan oʻz darvozasiga joylab qoʻydi. Bu oʻrinda fransuz futbolchisini ayblash kerak emas, u toʻpni oʻtkazib yuborgan taqdirda ham Suares darvozani ishgʻol etishi muqarrar edi. Ushbu goldan koʻp oʻtmay “Barsa” tomonidan uyushtirilgan tezkor qarshi hujumni Kazemiro qoʻpollik bilan toʻxtatib qoldi. 11 metrlik jarima zarbasini Suares aniq bajardi va uchrashuvga yakuniy nuqtani qoʻydi: “Real” – “Barselona” – 0:3. Shu tariqa kataloniyaliklar qatorasiga beshinchi bor Ispaniya kubogi yarim finaliga yoʻl oldi.
“Barsa”ning boʻlajak raqibi “Valensiya” – “Betis” juftligi gʻolibi boʻladi. Taʼkidlash joiz, kataloniyaliklar 2015 yildan beri Ispaniya kubogini qoʻldan bermay kelmoqda. Bugungacha ular Copa del Rey musobaqasida 30 marta gʻalaba qozongan.
Ispaniya kubogi. ½ final, javob uchrashuvi.
“Real” (Madrid) – “Barselona” – 0:3
Gollar: Luis Suares (50, 0-1), Varan (69-avtogol, 0-2), Luis Suares (73-penalti, 0-3).
Birinchi uchrashuv: 1:1