Ispaniya: Fojia qurbonlariga tovon puli to‘lanadi
Ispaniya hukumati o‘tgan haftada yuz bergan va 45 kishining hayotiga zomin bo‘lgan yuqori tezlikdagi poyezd halokati qurbonlariga 20 million yevro miqdorida kompensatsiya to‘lashini e’lon qildi.
Mamlakat transport vaziri Oskar Puente ushbu hodisa Yevropada so‘nggi yillardagi eng fojiali temir yo‘l falokatlaridan biri bo‘lganligini qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, halok bo‘lgan yo‘lovchilarning har bir oilasiga 216 ming yevro to‘lanadi. Hukumat ushbu mablag‘lar uch oydan kechikmay yetkazilishini va’da qilmoqda. Jarohat olganlarga esa tan jarohati darajasiga qarab 2 400 yevrodan 84 ming yevrogacha kompensatsiya beriladi.
– Bunday vaziyatda odamlarni yillar davomida kutishga majbur qilib bo‘lmaydi, – dedi Puente. – Moliyaviy noaniqlik ruhiy og‘riqqa qo‘shimcha bo‘lmasligi kerak. Hukumat tezkor yordam orqali kamida moddiy jihatdan yukni yengillashtirishni maqsad qilgan.
Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi haftalarda ketma-ket yuz bergan temiryo‘l hodisalari fonida vazirga nisbatan siyosiy bosim kuchaygan. Muxolifat uning iste’fosini talab qilmoqda. Puente esa o‘zini aybdor deb hisoblamasligini, vaziyatni ochiq va mas’uliyat bilan boshqarayotganini aytmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA