Islomiy bank faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillari belgilandi
Adliya vazirligi Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3252-7, 2026-yil 17-iyul).
"Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq islomiy bank faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi. Mazkur idoraviy hujjat bilan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan islomiy bank tashkil etish hamda an’anaviy banklar tomonidan "islomiy darchalar" ochish bo‘yicha huquqiy asoslar yaratildi.
Bunda, islomiy banklar ("islomiy darchalar")ni tashkil etish etishda quyidagilar majburiy hisoblanadi:
– Islomiy moliya kengashi a’zolarining Markaziy bank bilan kelishilganligi;
– Markaziy bankning malaka talablariga muvofiq bo‘lgan islomiy bank faoliyatiga mas’ul bo‘lgan rahbar xodimning mavjud bo‘lishi;
– islomiy moliya standartlariga muvofiqlik siyosatining mavjudligi va boshqalar.
Bankning islomiy moliya kengashida kamida 3 ta a’zo, shu jumladan rais va uning o‘rinbosari islomshunoslik mutaxassisliklari yoxud ushbu fanlar o‘qitilgan mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumotga, qolgan a’zolar moliya-iqtisod, yuridik yoki islomshunoslik mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
Islomshunoslik mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan a’zolar (islom huquqi bo‘yicha mutaxassis a’zo) islom huquqini qo‘llash sohasida 5 yillik ish tajribasiga hamda moliya-iqtisod yoki yuridik mutaxassisliklar bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan a’zolar (texnik ekspert a’zo) bank yoki moliya tizimida yoxud huquq sohasida 7 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
Kamida 1 ta a’zo (2027-yil 1-iyuldan barcha a’zolar) AAOIFI tashkiloti tomonidan berilgan sertifikatlardan biriga ega bo‘lishi zarur. Barcha islom huquqi bo‘yicha mutaxassis a’zolar arab tilini bilishi, shu jumladan arab tilidagi islom huquqi masalalariga oid birlamchi manbalarni tushunishi va izohlay olishi lozim.
Islomiy bank faoliyatiga mas’ul bo‘lgan rahbar xodim bank yoki moliya tizimida 7 yillik ish tajribasiga, moliya-iqtisod yoki islomiy moliyasi yo‘nalishida oliy ma’lumotga hamda AAOIFI tomonidan berilgan sertifikatlardan biriga ega bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, Markaziy bank bilan kelishib olingan bankning rahbar xodimlari o‘z majburiyatlarini bajarishga kirishganligi to‘g‘risida 5 ish kuni ichida Markaziy bankni yozma ravishda xabardor etish talabi bekor qilinmoqda.
O‘zA