Islom sivilizatsiyasi markazi BMT qarorgohida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosini taqdim etdi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Jenevadagi BMT bo‘linmasida Markaziy Osiyoning ilmiy va ma’naviy merosi, shuningdek, uni o‘rganish, saqlash va keng targ‘ib etishga qaratilgan zamonaviy loyihalarni taqdim etdi.
Millatlar saroyida «Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» ko‘rgazmasi hamda diplomatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va madaniyat namoyandalarini birlashtirgan xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
«Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy va ilmiy merosi hamda ma’rifat ufqlari» mavzusidagi konferensiya Buxoro, Samarqand va Termizning ilmiy an’analarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda ushbu merosning zamonaviy jamiyat uchun ahamiyatiga bag‘ishlandi.
Tadbir Parijdagi YUNESKO qarorgohida boshlangan xalqaro muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi. Har ikki uchrashuv O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosini chuqur o‘rganish hamda jahon jamoatchiligiga keng tanitish tashabbusini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.

Dastur «Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Unda kitoblar, ilmiy va illyustratsiyali nashrlar, miniatyuralar, shuningdek, Markaziy Osiyoning buyuk mutafakkirlari hayoti va kashfiyotlari haqidagi materiallar namoyish etildi. Ekspozitsiya mintaqa ilmiy va badiiy an’analarining boyligini, shuningdek, avlodlar o‘rtasidagi bilimlar davomiyligini ochib berdi.
Tadbirda BMTning Jenevadagi bo‘linmasi Bosh direktori Tatyana Valovaya hamda O‘zbekiston Respublikasining BMTning Jenevadagi bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi Doimiy vakili Eldiyor Toshmatov tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdi.
Tatyana Valovaya konferensiyaning sivilizatsiyalar muloqoti va o‘zaro ishonchni mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidlab, Markazning ma’rifiy missiyasi hamda BMTning Jenevadagi bo‘linmasi kutubxonasi bilan hamkorlik istiqbollariga yuksak baho berdi.
– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi menda ulkan taassurot qoldirdi, — dedi Tatyana Valovaya. – Bu boy tarixiy meros zamonaviy texnologiyalar yordamida taqdim etiladigan ilhom maskanidir. Ko‘rgazma hayratlanarli, taqdim etilgan kitoblar esa mutlaqo noyob. Biz kutubxonamiz va Markaz o‘rtasida hamkorlik qilishga kelishib oldik. O‘ylaymanki, bu juda qiziqarli hamkorlik bo‘ladi.

Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov ham so‘zga chiqdi.
Asosiy ma’ruza bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha jahon jamiyati (WOSCU) boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov ishtirok etdi. U muzey faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlari va ma’rifiy yo‘nalishlarni birlashtirgan Markazning xalqaro missiyasi haqida so‘z yuritib, kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilab berdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yilda BMT minbaridan turib ilgari surgan tashabbusi bugun aniq natijalarda o‘z ifodasini topmoqda, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.– Parijdagi YUNESKOdan so‘ng buyuk ajdodlarimiz merosi Jenevadagi Millatlar saroyida ham taqdim etildi va xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi. Biz BMTning Jenevadagi bo‘linmasi rahbariyati bilan BMT kutubxonasi va arxivlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Bu Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixiga oid ilgari noma’lum bo‘lgan materiallarni o‘rganish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Ishtirokchilar Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiyning Buxoro, Termiz va Samarqandning ilmiy an’analari bilan bog‘liq merosiga alohida e’tibor qaratdi. Muhokamalar markazida bilimlarning ishonchliligi, ularni keyingi avlodlarga yetkazish mas’uliyati, shuningdek, e’tiqod va aql o‘rtasidagi munosabat masalalari bo‘ldi.
Jeneva diplomatik doirasi prezidenti Robert Blyum Samarqand tarixi, uning turli madaniyatlar va dinlar uchrashgan maskan sifatidagi o‘rniga to‘xtalib, bilim olishga bo‘lgan umumiy intilishning ahamiyatini ta’kidladi.

Konferensiyaning ilmiy qismini uning moderatori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov ochib berdi. U Markaziy Osiyo olimlarining kashfiyotlari, ularning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi hamda Markazning xalqaro missiyasi haqida so‘z yuritdi.
Ma’rifat va bag‘rikenglik mavzusini O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Mahsudov davom ettirdi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov o‘z ma’ruzasida mutafakkir merosida aql, mo‘’tadillik va axloqiy mas’uliyatning ahamiyatini ochib berdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev esa Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy merosida manbalar ishonchliligini tekshirish usullariga to‘xtaldi.

Dastur doirasida uchta qisqa metrajli film ham namoyish etildi. Ularda O‘zbekiston va islom sivilizatsiyasi merosi, yangi avlod muzeyi sifatidagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosi haqida hikoya qilindi. Filmlar mintaqa tarixiy merosini o‘rganish va ommalashtirishdagi zamonaviy yondashuvlarni namoyon etdi.
«Sivilizatsiyalar, shaxslar, kashfiyotlar» ko‘rgazmasida taqdim etilgan barcha kitoblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan BMTning Jenevadagi bo‘linmasi kutubxonasiga sovg‘a qilindi.
Konferensiya ilmiy va madaniy-ma’rifiy sohalardagi qo‘shma loyihalar istiqbollarini muhokama qilish bilan yakunlandi. Rasmiy dasturdan so‘ng Millatlar saroyida o‘zbek milliy taomlari taqdim etilgan milliy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. U diplomatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va madaniyat namoyandalari o‘rtasidagi muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.
O‘zA